Android qurilmalar uchun Zarnews.uz mobil ilovasi. Yuklab olish x

«O‘qituvchi maqomi to‘g‘risida»gi Qonun loyihasidan

Qonunning 12-moddasiga ko‘ra, o‘qituvchilarning dars va to‘garak mashg‘ulotlarini tashkil etish hamda sinf yoki guruh jurnalini yuritishdan tashqari boshqa pedagogik yuklamalar bo‘yicha hisobotlar va qo‘shimcha ma’lumotlarni talab qilishga yo‘l qo‘yilmaydi.

O‘qituvchilarni xizmat majburiyati bilan bog‘liq bo‘lmagan ishlarga, majburiy mehnatga, shu jumladan, tuman va shaharlar hududlarini obodonlashtirish hamda ko‘kalamzorlashtirish ishlari, mavsumiy qishloq xo‘jaligi ishlari hamda boshqa turdagi ishlarga jalb qilish taqiqlanadi.

O‘qituvchilarni ularning kasbiy faoliyati bilan bog‘liq bo‘lmagan yig‘ilishlar va boshqa tadbirlarga jalb qilish, ularning bosma nashrlarga majburan obuna bo‘lishini tashkil etish qonun bilan man etiladi.

13-modda - Mehnatga haq to‘lash. O‘qituvchining mehnatiga haq to‘lash mehnat shartnomasida (kontraktda) nazarda tutilgan funksional majburiyatlarni bajarganligi uchun to‘lanadi. Xodimning qo‘shimcha shartnoma asosida boshqa ishlar va majburiyatlarini bajarganligi uchun, amaldagi qonun hujjatlarida nazarda tutilgan hollar bundan mustasno, fuqarolik-huquqiy tusdagi shartnomaga muvofiq alohida haq to‘lanadi.

14-moddaga (Ijtimoiy muhofaza) ko‘ra, davlat o‘qituvchilarga qulay mehnat va yashash sharoitlarini yaratib beradi, ularni ijtimoiy imtiyozlar bilan ta’minlaydi.

Ta’lim muassasalari ish haqiga mo‘ljallangan mavjud mablag‘lar doirasida mustaqil ravishda stavkalar, mansab okladlariga tabaqalashtirilgan ustama belgilashga hamda mehnatga haq to‘lash va uni rag‘batlantirishning turli shakllarini qo‘llashga haqli.

Qishloq joylarida ta’lim muassasalarida faoliyatni amalga oshirayotgan o‘qituvchilar umumiy belgilangan yosh besh yilga kamaytirilgan holda imtiyozli pensiya olish huquqiga ega.

25 yil va undan ortiq mehnat stajiga ega bo‘lgan o‘qituvchilar muddatidan oldin yoshga doir pensiyaga chiqish huquqiga ega.