Android qurilmalar uchun Zarnews.uz mobil ilovasi. Yuklab olish x

Orhan Durgut Imom Buxoriy qadami tekkan shaharlar suratini tushirdi

Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazida Imom Buxoriy tavalludi  (810 yil 20 iyul) munosabati bilan turkiyalik fotograf Orhan Durgut bilan hamkorlikda “Imom Buxoriyning “Sahih al-Buxoriy” asarining qo‘lyozma nusxalari va “Dunyo islom shaharlari” nomli xalqaro fotoko‘rgazma tashkil etildi.

Tadbirda professor-o‘qituvchilar, dinshunos va tarixshunos olimlar ishtirok etib, u yerda amalga oshirilgan bunyodkorlik ishlari bilan tanishdi. Ko‘rgazmaga kelganlarga Imom Buxoriy faoliyati, shuningdek, markaz va hadis ilmi maktabining yaratilish tarixi, u yerda ikki yil davomida amalga oshirilgan qurilish-bunyodkorlik ishlari, ilmiy xodimlar va tinglovchilar uchun yaratilgan sharoitlar haqida ma’lumot berildi.

Ko‘rgazma davomida turkiyalik mehmon Orhan Durgut yurtimiz va dunyoning 60 ta Islom shaharlarining tarixiy bino, muqaddas qadamjolarini, jumladan, Imom Buxoriy ilmiy safarlarda bo‘lgan Makka, Madina, Basra, Kufa, Bag‘dod, Damashq, Qaysariya, Asqalon va E’zob shaharlarini o‘z ijodida aks ettirganini ta’kidladi.

– Imom Buxoriyning shoh asari bo‘lmish "Sahihul Buxoriy" kitobi butun islom olamida  Qur’oni karimdan keyingi birinchi eng ishonchli manbaa sanaladi, – dedi Orhan Durgut. –  Uning hadislar to‘plami musulmonlar axloq-odobi, ibodati, ijtimoiy mezonlarini belgilovchi manbaa va umuminsoniy qadriyatlar namunasidir. Imom Buxoriyning nomi butun islom dunyosida samimiy mehr-muhabbat, katta hurmat-e’tibor bilan tilga olinadi. Musulmon dunyosini barcha madrasa va dorilfununlarida Imom Buxoriyning o‘lmas asarlaridan qo‘llanma sifatida foydalanib kelinmoqda. Davlat va din peshvolari, jamiyat arboblari, olimu-ulamolar Imom Buxoriyning asarlaridan har qadamda istifoda qilib, unga tayanib ish tutadilar.

Tadbir doirasida sohani yanada rivojlantirish uchun ilmiy-tadqiqot markazlari va sohaga tegishli mutasaddilarning fikr-mulohazalari va takliflari eshitilib, tegishli vazifalar belgilab olindi.

Darvoqe, ko‘rgazma joriy yilning 19 avgustiga qadar davom etadi.