Android qurilmalar uchun Zarnews.uz mobil ilovasi. Yuklab olish x

Samarqandda 7 ming gektar o‘rmon barpo etiladi

Davlatimiz rahbarining 2019 yil 17 iyundagi farmoniga ko‘ra, o‘rmon fondi yerlarini fuqarolar va qishloq xo‘jaligi korxonalariga investitsiyaviy shartnoma yoki davlat xususiy sheriklik asosida 50 yilgacha bo‘lgan muddatga berishga ruxsat berilgandi.

Prezidentimizning joriy yil 23 avgustdagi “Respublikada o‘rmonlardan foydalanish samaradorligini oshirishga doir qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi qarori bilan yuridik va jismoniy shaxslarga qurilish-montaj ishlarini amalga oshirish belgilandi. Hujjatga asosan rekonstruksiya qilishga ruxsat berishda davlat o‘rmon xo‘jaligi bilan tuzilgan shartnomalar o‘rmondan foydalanuvchi yoki ijaraga oluvchining yer uchastkasiga bo‘lgan huquqini tasdiqlovchi hujjat sifatida qabul qilinadi.

Qaror asosida 2020-2024 yillarda daraxt va butalarning urug‘larini tayyorlash, nihol hamda ko‘chatlar yetishtirish, tut daraxtini ko‘paytirish, o‘rmon fondi yerlarida hududlar bo‘yicha o‘rmon barpo etish rejalashtirilgan. Shuningdek, chorvachilik, parandachilik va asalarichilikni rivojlantirish, qishloq xo‘jalik mahsulotlari, tumanlar davlat o‘rmon xo‘jaliklarida dorivor o‘simliklar yetishtirish va tayyorlash ko‘rsatkichlari ham aniq belgilangan.  Shu yillar davomida melioratsiya ob’yektlari atrofida hamda qishloq xo‘jaligi yerlarida hosildorlikni ko‘paytirishga yo‘naltirilgan shamol va suv eroziyalaridan himoyalash uchun ihota daraxtzorlari barpo etish rejalari ishlab chiqildi.

Rejaga asosan, 2020-2024 yillarda viloyatimizdagi 9 ta o‘rmon xo‘jaligida 200 ming kilogramga yaqin daraxt va buta urug‘lari, 52 ming dona nihol va ko‘chat, 18 ming tup tut ko‘chatlari tayyorlanadi. Shuningdek, qariyb 7 ming gektar o‘rmon barpo etiladi, 13 ming bosh mayda shoxli chorva mollari, 50 ming bosh parranda, 17,5 ming asalari oilasi boqilishi yo‘lga qo‘yiladi. 13 ming gektardan ortiq maydonda 53 ming tonnadan ortiq qishloq xo‘jalik mahsuloti, 8,2 million so‘mlik dorivor va boshqa ozuqabop o‘simliklar ishlab chiqariladi, 700 gektar maydonda ihota daraxtzorlari barpo etiladi.