Android qurilmalar uchun Zarnews.uz mobil ilovasi. Yuklab olish x

Oshxonaga tarqatilgan tovuq go‘shtida 157 ta mikrob va bakteriyalar aniqlandi

Oqdaryo tumanining "Ulug‘bek" MFYda istiqomat qiluvchi Umar Ortiqov tadbirkorlik  faoliyati bilan shug‘ullanishni maqsad qildi. Buning uchun maxsus ruxsatnoma talab etilishini bilsada, negadir hech hafsala qilmadi. Ruxsatnomasiz faoliyat ko‘rsatayotgan tadbirkor Urgut tumanidan parranda go‘shti keltirib, tuman markazidagi umumiy ovqatlanish shaxobchalariga tarqatish bilan shug‘ullanardi. “Biznes"i ortidan mo‘maygina  daromad qilayotgandi.

Joriy  yilning 22 fevral kuni u Loyish shahridagi "Sharq" kafesiga bir necha qutida (bir qutida 18-20 ta) tovuq go‘shti olib keldi. Mahsulotning sifatidan  shubhalangan kafe xodimlari uni olishdan bosh tortgach,  U.Ortiqov go‘shtni shaharchaning "O‘zbekiston" ko‘chasida joylashgan  boshqa oshxonaga keltirdi.  Bu yerda ham yuqoridagidek holat takrorlandi. Oshxona bekasi Bahora Abduhamidova tovuq go‘shtini ko‘rib, iste’molga yaroqsizligini darhol angladi. Orada kelishmovchilik  kelib chiqdi. Natijada B.Abduhamidova Iste’molchilar huquqlarini himoya qilish jamiyatlari Samarqand viloyat hududiy birlashmasining Oqdaryo tuman jamiyatiga shikoyat arizasi bilan  murojaat qildi.

Murojaat tuman DSENM,  VSE laboratoriya hamda IHHQ tuman jamiyati mutasaddilari ishtirokida o‘rganildi. Parranda go‘shti laboratoriya tekshiruvidan o‘tkazilganda, unda inson salomatligiga zarar yetkazuvchi 157 ta mikrob va bakteriyalar aniqlandi. Tarqatilgan parranda go‘shti zudlik bilan tegishli tartibda yo‘q qilindi. 

Tadbirkorga  chora ko‘rilishi uchun hujjatlar tayyorlanib, huquqni muhofaza qiluvchi idoralarga  yuborildi.

Gulchehra Berdiyorova,

Iste’molchilar huquqlarini himoya qilish

jamiyatlari Samarqand viloyat hududiy

birlashmasi bo‘lim boshlig‘i.