Android qurilmalar uchun Zarnews.uz mobil ilovasi. Yuklab olish x

Ota-ona o‘smir yoshdagi farzandiga e’tiborliroq bo‘lgani ma’qul

Kechagina dunyoga kelgan farzandingiz bugun o‘spirin yigitga aylandi. Bo‘yi bo‘yingizga tenglashgan, o‘zini kattalardek tutishga chog‘langan jigarbandingizning o‘qishda, hayotda erishayotgan yutuqlarini ko‘rib quvonishingiz tabiiy.

Buni ko‘rib, ba’zi otalar: “endi yumushlarni o‘g‘limga ishonib topshirsammikan”, degan xayolga borishadi. Biroq bunga hali ancha erta. Chunki, o‘g‘lingiz hayot tashvishlarini yelkasiga olishga ancha yoshlik qiladi. Uni mustaqil hayotga tayyorlash uchun ota-ona zimmasida hali ko‘p vazifalar bor. Ularni to‘laqonli bajarish uchun avvalo, o‘smirlik davriga qadam qo‘ygan o‘g‘lingizning organizmida qanday ruhiy va jismoniy o‘zgarishlar ro‘y berayotganini bilishingiz foydadan xoli bo‘lmaydi.

Bu boradagi savollar bilan SSV axborot xizmati Toshkent shahar o‘smirlar dispanseri shifokori, oliy toifali urolog Radik KAShAPOVga murojaat qildi.

— Ba’zi ota-onalar o‘smir yoshdagi o‘g‘illarining tez-tez xastalanib, yotib qolishidan nolishadi. Buning sababi nimada?

— O‘g‘il bolalarda o‘tish davri qizlarnikiga qaraganda bir-ikki yil kechroq boshlanadi. Shuni ham aytish kerakki, o‘smirlik davrining aniq chegaralari yo‘q.

Mutaxassislarning fikricha bolalikdan o‘smirlikka o‘tish davri 10-11 yoshdan boshlanib, 15-17 yoshgacha davom etishi mumkin. Bundan tashqari, bu davrdagi o‘ziga xos xususiyatlar har bir bolada turlicha ifodalanadi. Chunki, odam organizmi o‘ziga xos ritmlar asosida rivojlanadi.

Biroq har qanday holatda ham o‘smir organizmida psixologik-fiziologik o‘zgarishlar shu qadar jadallik bilan kechadiki, bundan ba’zida bolalarning dili ham, nozik jussasi ham birdek ozor chekishiga guvoh bo‘lamiz.

Dilbandimiz ba’zida vujudidagi og‘riqli o‘zgarishlarga dosh berolmay xastalanib yotib qoladi. Ammo bunday holatga har doim ham jiddiy kasallik, deb qarash to‘g‘ri emas. Bunga aksariyat holatda o‘tish davrida organizmda jadal sur’atlar bilan kechayotgan psixo-fiziologik o‘zgarishlarga ayrim a’zolar mos ravishda rivojlanishga ulgurolmay qolishi sabab bo‘ladi. Ichki a’zolarning yetilishi me’yorga tushishi bilan bunday kasalliklar o‘z-o‘zidan yo‘q bo‘lib ketishi mumkin.