Android qurilmalar uchun Zarnews.uz mobil ilovasi. Yuklab olish x

Ota-onalardan sinf remontiga pul yig‘ilishi to‘g‘rimi?

"Farzandlarim maktabda o‘qishadi. Har yili remontga deb pul yig‘ishadi. Bu yil ham har bir o‘quvchi uchun 30 ming so‘mdan pul berishimiz lozimligi aytildi. Meni hayron qoldirgani sinf rahbari bizdan "pulni o‘z xohishim bilan berdim" deb tilxat yozib berishimizni so‘rayapti. Internetda o‘qishimcha maktablar ta’miriga davlatdan va mahalliy byudjetdan pul ajratilar ekan. Xo‘sh, agar ota-onalardan remontga deb pul yig‘ilsa, unda davlat va mahalliy byudjetdan ajratilayotgan pullar nima qilinayapti?"

Murojaatga Toshkent viloyati Xalq ta’limi boshqarmasi bino va inshootlarni ta’mirlash va ekspluatatsiya bo‘limi boshlig‘i vazifasini bajaruvchi Furqat Hayitov shunday javob beradi:

“Ta’lim muassasalarini kuz-qish mavsumi va yangi o‘quv yiliga tayyorlash uchun mahalliy byudjetdan ma’lum miqdorda mablag‘ ajratiladi (bo‘yoq va singan deraza oynalari uchun). Maktabga ko‘rsatiladigan har qanday homiylik yordami, xoh u ota-ona tomonidan yoki homiylik tashkiloti tomonidan bo‘lsin, ixtiyoriylik asosida (!) amalga oshiriladi va uning maqsadli sarflanishi ustidan ta’lim muassasasidagi Kuzatuv kengashlari nazorat olib boradi.

Umumiy o‘rta ta’lim muassasasining Kuzatuv kengashi haqidagi namunaviy Nizomda shunday deyilgan:

“31. Ta’lim muassasasida o‘quvchilar va ularning ota-onalaridan turli xil sabablar bilan Kengash a’zolari, ta’lim muassasasi rahbari va boshqa xodimlari tomonidan pul mablag‘larini yig‘ish qat’iyan taqiqlanadi.”

Shuningdek, viloyat xalq ta’limi boshqarmasi bog‘cha, umumta’lim maktabi rahbarlarini ota-onalardan maktabni ta’mirlash va boshqa shu kabi maqsadlar uchun turli xil pul yig‘imlarini amalga oshirmasliklari yuzasidan qat’iy ogohlantiradi".

P.S: Boshqarma vakilining javobidan xulosa chiqaradigan bo‘lsak, ota-ona maktabga o‘z ixtiyori bilan homiylik yordami ko‘rsatishi mumkin.  Lekin murojaatda nazarda tutilganidek, o‘qituvchi uni o‘z xohishim bilan homiylik yordami ko‘rsatyapman, deb yozishga majburlasa-chi? Bunga qonunchiligimizda tegishli javobgarlik belgilangan.