Android qurilmalar uchun Zarnews.uz mobil ilovasi. Yuklab olish x

Otaning yubileyi qadriyatmi?

Xonamga uzoq yillar davlat boshqaruv idoralarida ishlagan tanishim kirib keldi. Ayni vaqtda o‘zi yashayotgan mahallada fuqarolar yig‘ini raisi ekan.

- Yubileyga nechta kishini taklif etish mumkin? Shuni aniqlab olishga kelgandim, - dedi u. - Mahallamizdan bir yigit otasiga yubiley qilib bermoqchi ekan. Qatnashchilar 50 kishidan ziyod bo‘lmasin desam, ko‘nmayapti.

Stolim ustida hujjatlar saqlanadigan jilddan Senatning to‘y-hashamlarni o‘tkazishga oid tartibi haqidagi qarorni olgandim, tanishim “Yigit birga kelgan, o‘zi ham eshitsin”, deb xonamdan chiqdi va o‘zi bilan purim kiyingan o‘rta yoshlardagi kishini ergashtirib kirdi.

Nigohida e’tiroz ifodasi balqib turgan tashrifchini salomlashib, o‘tirishga taklif etarkanman, mahalla raisi ko‘proq e’tibor qaratishiga urg‘u bergandek, unga tushuntirgan bo‘ldim.

- Mana, qarorda nima yozilgan: “Milliy an’nalarga yot oilaviy tadbirlardan oldingi, tadbir davomida va undan keyingi qo‘shimcha rasm-rusmlarni o‘tkazishga yo‘l qo‘yilmaydi". Aniq yozib qo‘yilgan, shundaymi? To‘y o‘tkazish milliy an’anamizda bor. Bu nikoh va sunnat to‘ylari va bu marosimlarni bir kunda o‘tkazish kerak. To‘ydan oldin o‘tkaziladigan dabdabali fotiha to‘ylar yoki ko‘pchilik qatnashadigan maslahat oshlari yoki to‘ydan keyingi “chaqirdi” va “tog‘ara yuborish”  kabi ortiqcha tadbirlarni o‘tkazish man etilgan. Endi “yubiley” masalasida mulohaza qilib ko‘raylik. Bu tadbir milliy an’namizda bormi? Yo‘q. Bor bo‘lganda hamma bu tadbirni o‘tkazgan bo‘lardi. Demak, sizda imkoniyat bor va uni o‘tkazmoqchisiz. Otangizni xursand qilmoqchisiz. Lekin boshqalarda bu imkoniyat bo‘lmasligi mumkin. Masalan, qo‘shningiz bu tadbirni o‘tkazishga qo‘li kaltalik qildi, deylik. O‘sha qo‘shnining farzandlari yoki ularning otasi bunday yubileylar o‘tishidan xafa bo‘lmasa ham, o‘kinishi aniq.

Men odamlar o‘ylab topgan yangi-yangi urf-odatlarni sanab berdim va bunday yangiliklar kishilar turmushiga qanchalar salbiy ta’sir etayotganini hayotiy misollar bilan tushuntirdim.

- Nechta farzandsizlar? – so‘radim so‘zlarimni bo‘lmay tinglagan yigitdan. Ayni vaqtda uning xonaga kirgandagi e’tirozga to‘la vajohatidan asar ham qolmagandi.

- Uch o‘g‘il, ikki qiz.

Hamma aka-uka va opa-singillaringiz turmushi bir xil emas. Yubileyning asosiy xarajatini ko‘tarmoqchi bo‘lganingiz tashabbusingizdan ko‘rinib turibdi. Tadbirda farzandlar, albatta otaga sarpo kiydirishadi. Lekin otangizning barcha farzandlari, ya’ni aka-uka, opa yoki singlingizda  sizdagi imkoniyat bormi. Agar bo‘lmasa, ularning holati qanday kechadi? Shu haqda ham o‘ylab ko‘rish kerak.

Uchalamiz yana biroz suhbatlashdik. Gap yakunida to‘y va marsimlarni tartibga solish borasida qabul qilingan qaror juda to‘g‘ri qabul qilinganini biz kabi otasining yubileyini o‘tkazishga bel bog‘lagan yigit ham tan olgani sezilib turardi.

- Siz aytganingizdek, ota-onamga yaxshiroq sanatoriyaga yo‘llanma olib beraman. Ham davolanib, ham dam olishib kelishsin.

Xurshid NURULLAYeV

Samarqand shahar ma’naviyat va ma’rifat bo‘limi rahbari.