Android qurilmalar uchun Zarnews.uz mobil ilovasi. Yuklab olish x

O‘ylamay otilgan sopqon ham betga tegadi, ham...yomon tegadi

 

Keyingi yillarda mamlakatimiz ichki va tashqi hayotida o‘zbek tilining  vazifaviy-uslubiy imkoniyatlarini  yanada kengaytirish borasida ko‘p ishlar amalga oshirildi. 2016 yilda Alisher Navoiy nomidagi Toshkent davlat o‘zbek tili va adabiyoti universitetining tashkil etilishi, 2018 yil 15 mayda tasdiqlangan «Lotin yozuviga asoslangan o‘zbek alifbosini keng joriy etish va yanada takomillashtirish bo‘yicha Harakatlar rejasi»ning ishlab chiqilishi, «Davlat tili haqida»gi O‘zbekiston Respublikasi Qonunining  poytaxtimizda  qay darajada amal qilinayotganligining  keng tahlil etilishi va hokazolar shular jumlasidandir.

Ammo bu boradagi ishlar shijoatini tezlashtirish bugun hayotiy ehtiyojga aylanganligini matbuotda e’lon qilinayotgan asossiz murojaatu unga bildirilayotgan his-tuyg‘ularga to‘la ehtirosli fikr-mulohazalar ham ko‘rsatib turibdi. “Ziyoli”larga ko‘pchilik o‘z munosabatini bildirib ulgurganligi bois gapni muxtasar qilib, do‘ppini yonga qo‘yib, sovuqqonlik bilan bundan keyin bu kabi holatlarga yo‘l qo‘ymaslik chorasini ko‘rishimiz kerak.

Karvon yo‘ldan chalg‘imasligi uchun e’tiborni ularga emas, qilinadigan ishlarga qaratish foydali bo‘ladi. Chunki ertaga yana bu kabi xurmacha qiliq ko‘rsatuvchi yangi “ziyolicha”larning chiqmasligiga kafolat yo‘q. Bu borada professor Shuhrat Sirojiddinovning fikrlarini to‘liq quvvatlaymiz. O‘ttiz yildan beri tilimiz mavqei haqida gapirib, bir joyda tepsinayotgan jarayonni jimgina kuzatdik. Ammo  endi zudlik bilan ularni amaliyotga joriy etish vaqti yetib keldi. Buning uchun nazarimizda quyidagilarni amalga oshirish lozim:

O‘zbekiston Respublikasi Adliya vazirligi tomonidan 7 bob, 29 moddadan iborat O‘zbekiston Respublikasining «Davlat tili to‘g‘risida»gi Qonuni loyihasi mutaxassislar e’tiboridan o‘tkazilib, amaliyotga joriy qilinishi kerak. Moddalar aniq, muhokamaga o‘rin qoldirmaydigan, uzil-kesil bo‘lishi zarur. Ularda qonuniy kuch sezilib turishi lozim.

Qonun moddalarida ish yuritishda qonunga,  o‘zbek tili qoidalariga amal qilmaydigan muassasa, tashkilot va korxonalarga keskin choralar belgilanishi kerak.

Respublikamiz hududida O‘zbekiston Respublikasining «Davlat tili to‘g‘risida»gi Qonuni ijrosini nazorat qiluvchi maxsus guruh tashkil qilinib, ularning ishlari mavsumiy yoki kampaniyachilik emas, doimiy tarzda yo‘lga qo‘yilishi ta’minlanishi lozim.

Respublikamiz shahar va qishloqlaridagi ko‘chalarda, savdo, umumiy ovqatlanish shoxobchalarining nomlanishidan tortib, davlat tilida ish yuritishigacha qat’iy nazoratga olinishi, buning uchun mutasaddi tashkilotlar belgilanishi va ular o‘z faoliyatlari to‘g‘risida yuqori tashkilotlarga hisobot berib borishlarini yo‘lga qo‘yish lozim.

Til siyosati bevosita ta’lim tizimi bilan bog‘liq. Bugungi kunda tilimizni nafaqat boshqa millat vakillariga, balki o‘zbek tilida so‘zlashuvchilarga ham o‘rgatish kun tartibidagi muammolardan biriga aylangan. Shuning uchun respublikamizning barcha oliy o‘quv yurtlari o‘quv rejasiga “O‘zbek tili”, “O‘zbek tilida ish yuritish”  fanlari kiritilishi kerak.

Mamlakatimizda  ta’lim jarayonida lotin yozuvini joriy etish vaqti keldi va uni zudlik bilan amalga oshirish lozim. Bu esa ta’lim jarayoni sifatiga va takomillashuviga xizmat qilishi shubhasiz.

Qayd etilgan vazifalarning tezlikda amalga oshirilishi mamlakatimizda qonun ustuvorligini ta’minlashi va o‘tkinchi holatlarning oldini olishiga zamin yaratishiga ishonamiz.

Tolib JO‘RAYeV,

Erkin MUSURMONOV,

SamDU dotsentlari.