Android qurilmalar uchun Zarnews.uz mobil ilovasi. Yuklab olish x

O‘zbekiston Respublikasi fan arbobi, professor Lapas Alibekov vafot etdi

Taniqli olim, Samarqand davlat universiteti professori, O‘zbekiston Respublikasi fan arbobi, faol jamoatchi Lapas Alibekov 82 yoshida olamdan o‘tdi.

L.Alibekov 1938 yil 10 sentyabrda Jizzax viloyatining Zomin tumanida tug‘ildi. 1956-1961 yillarda Samarqand davlat universitetining geografiya fakultetida tahsil oldi. So‘ngra Lvov davlat universitetida aspiranturada o‘qib, nomzodlik dissertatsiyasini himoya qildi.

Ilk mehnat faoliyatini 1972 yilda universitetning umumiy tabiiy geografiya kafedrasi mudirligidan boshladi. Ko‘p yillik pedagogik faoliyati davomida talabalarga geografiya fani sirlarini o‘rgatish bilan birga ilmiy ishlar bilan mashg‘ul bo‘ldi. Natijada 1990 yilda “Tog‘ va tekislik landshaftlarining o‘zaro aloqasi” mavzusida doktorlik dessertatsiyasini muvaffaqiyatli himoya qildi.

Faoliyati davomida professor L.A.Alibekov uch yuzdan ortiq ilmiy maqolalar, o‘ndan ortiq monografiya, darslik va o‘quv qo‘llanmalar yaratdi. “Zarafshon tog‘ tizmalari va unga tutash tekisliklar landshafti hamda tuproq tiplari” (“Landshafti i tipi zemel Zarafshanskix gor i prilegayuщix ravnin”), “Hayot yo‘llari” (“Polosa jizni”), “Sahrolar saxovati” (“Shedrost pustini”) kabi yirik ilmiy ishlari uni dunyo ilmiy jamoatchiligiga tanitdi. 

L.Alibekov bir necha yillar davomida NATOning atrof-muhit muhofazasi komissiyasi a’zosi sifatida faoliyat ko‘rsatdi. Uning cho‘llanish, tog‘-tekislik geosistemalari o‘rtasida modda almashinuvi, geoekologiya, atrof-muhit muhofazasi sohalari bo‘yicha o‘ndan ortiq maqolalari chet davlatlarning ilmiy jurnallarida chop etildi.

L.Alibekovga uning ilmiy-tadqiqot ishlaridagi xizmatlari inobatga olinib, “O‘zbekiston Respublikasi fan arbobi” faxriy unvoni berildi. Zahmatkash ustoz umrining oxirigacha geografiya va ekologiya sohasida yetuk mutaxassislar tayyorlashga munosib hissa qo‘shdi.

Ajoyib inson, talabchan ustoz, yirik fan arbobi Lapas Alibekovning yorqin xotirasi qalbimizda abadiy saqlanadi.

Samarqand davlat universiteti.