Android qurilmalar uchun Zarnews.uz mobil ilovasi. Yuklab olish x

O‘zbekiston talabalari assotsiatsiyasi tashkil etildi

2020 yil 25 dekabr kuni o‘tkazilgan Yoshlar forumida davlatimiz rahbari talabalarning takliflarini tinglab, ularni qo‘llab-quvvatlagan edi. Xususan, o‘sha tadbirda samarqandlik talabalardan biri tomonidan bildirilgan talabalar assotsiatsiyasini tashkil etish taklifi ham ma’qullangandi.

O‘tgan hafta Samarqandda Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligi, Adliya vazirligi, O‘zbekiston yoshlar ishlari agentligi va viloyat hokimligi hamkorligida tashkil etilgan talabalari assotsiatsiyasining birinchi ta’sis forumi bo‘lib o‘tdi. 

Onlayn-muloqot tarzida o‘tkazilgan tadbirda mamlakatimizdagi nufuzli oliy ta’lim muassasalari bilan birga Xalqaro universitetlar assotsiatsiyasi, AQSh, Yaponiya, Janubiy Koreya, Xitoy, Niderlandiya, Rossiya, Hindiston, Afg‘oniston, Isroil, Turkiya, Belarus, Vengriya kabi davlatlarning talaba-yoshlari ishtirok etdi.

- Assotsiatsiyani tashkil etishdan asosiy maqsad talabalarni jamoatchilik boshqaruvi asosida birlashtirishdan iborat, - deydi Samarqand davlat universiteti rektori Rustam Xolmurodov. – Davlatimiz rahbari bu tashabbus samarqandlik yoshlardan chiqqan ekan, ular mualliflik qilsin, shu viloyat assotsiatsiyaning joylashuv o‘rni bo‘lsin, degan fikrni ilgari surdi.  

Forumda O‘zbekiston talabalar assotsiatsiyasini tashkil etish masalasi onlayn so‘rovnoma orqali ovozga qo‘yildi. Unda ishtirok etganlarning deyarli barchasi Samarqand davlat universiteti huzurida O‘zbekiston talabalar assotsiatsiyasini tashkil etishni yoqlab ovoz berdi. 

- Yurtboshimizning forum doirasidagi yoshlar bilan uchrashuvida O‘zbekiston talabalari assotsiatsiyasini tashkil etish taklifini bildirgan edim, - deydi Samarqand davlat chet tillar instituti talabasi Marjona Samadova. – Oradan ko‘p o‘tmay bu tashabbus amalga oshdi va assotsiatsiyaning birinchi ta’sis yig‘ilishini o‘tkazdik. Ishonamanki, ushbu loyiha mamlakatimizda talabalar jamiyati qurilishining muhim poydevori bo‘ladi.

To‘lqin Siddiqov.