Android qurilmalar uchun Zarnews.uz mobil ilovasi. Yuklab olish x

O‘zbekistonda 9 oy davomida qancha yong‘in sodir bo‘lgan?

Yong‘in xavfsizligi xizmati xodimlari tomonidan 2019 yilning o‘tgan 9 oyi davomida o‘tkazilgan profilaktik ishlar natijasida 15441 ta bino va inshootlarda yong‘in kelib chiqish xavfi oldi olingan. Bu haqda FVV YoXBB OAV bilan hamkorlik qilish bo‘linmasi xabar bermoqda.

Sodir bo‘lgan yong‘inlarni o‘chirish vaqtida ko‘rilgan tezkor harakatlar natijasida 30 nafar inson qutqarilgan, 624 bosh uy hayvonlari, 113 ta texnikalar, 268 milliard so‘mlikdan ziyod bino va inshootlar qurilmalari va 86 milliard so‘mdan ortiq moddiy boyliklar saqlanib qolingan. Shuningdek, fuqarolarning yong‘in xavfsizligini ta’minlashga oid bilim ko‘niklamalariga ega bo‘lib borishi natijasida 2019 yilning o‘tgan 9 oyi davomida sodir bo‘lgan yong‘inlar 2018 yilning mos davriga nisbatan 358 taga, yong‘inlarda insonlarning halok bo‘lishi 9 taga va tan jarohati olishi 58 taga kamaygan. Lekin olib borilayotgan ishlarga qaramasdan 2019 yilning o‘tgan 9 oyi davomida respublika hududida jami 8397 ta yong‘inlar qayd etilib, ushbu yong‘inlarda 82 nafar inson halok bo‘lgan va 219 nafar kishi tan jarohati olgan.

Jami sodir bo‘lgan yong‘inlarning 68,9 foizi aholi yashash joylarida, 11,6 foizi tadbirkorlik sub’yektlari ob’yektlarida, 5,3 foizi transport vositalarida va 1,4 foizi davlat tasarrufidagi ob’yektlarda yuzaga kelgan. Yong‘inlarning 38,7 foizi ochiq olovdan ehtiyotsizlik bilan foydalanish, 30,3 foizi elektr uskunalaridan foydalanish qoidalarining buzilishi, 11,4 foizi isitish pechlarining nosozligi yoki ulardan noto‘g‘ri foydalanish, 9,6 foizi bolalarning sho‘xligi va 4 foizi transport vositalaridan foydalanish qoidalarining buzilishidan sodir bo‘lgan.