Android qurilmalar uchun Zarnews.uz mobil ilovasi. Yuklab olish x

O‘zbekistonda ilk bor muzeylarda ilmiy kengash ochilmoqda

Bilamizki, muzeylar millatning madaniy jihatdan uyg‘onishi, milliy mafkurani targ‘ib qilishda, xalq ongida milliy g‘urur va iftixorni kuchaytirishda muhim rol o‘ynaydi.

Yozma manbalar bilan bir qatorda O‘zbekiston muzeylarida saqlanayotgan ko‘p ming sonli madaniy yodgorliklar ham tarix ilmining asosiy manbalaridan biri hisoblanadi. Ular hujjatlar, arxeologiya, numizmatika, etnografiyaga taaluqli bo‘lib, tariximizning barcha davrlarini qamrab oladi. Shu jihatdan muzeylar madaniyat qon-tomiri hisoblanib, davlat va jamiyat hayotida alohida ahamiyat  kasb etadi.

O‘zbekistonda madaniyat muassasalari, shu bilan birga muzeylarning bozor munosabatlariga o‘tishi, ularning oldiga yangi vazifalarni qo‘ymoqda. Endi muzeylar avvalgi davrlardagidek, “yashab qolish”gagina emas, balki mamlakatning ijtimoiy-iqtisodiy hayotida faol ishtirok etishga odatlanishi lozim.

Ma’lumki, sobiq ittifoq davrida O‘zbekiston muzeylari mafkuraviy tashkilotga aylantirilib, siyosiy doktrinalar va qoida-qonunlarni targ‘ibotchisi hisoblanardi. Sovet davlati mafkurachilari ushbu yo‘nalishda muzeylardan ustalik bilan foydalana oldi. Bunga birgina misol, butun sobiq ittifoq muzeylari ichida faqatgina Lenin muzeyining muvaffaqiyat bilan rivojlanganidir. O‘tgan asr 90-yillarida muzeylarga tashriflar sonining keskin kamayib ketishi ham mana shu jarayon bilan izohlanadi. Muammo shundaki, muzeylar qanday tarixiy sharoitda sovet mafkurasining quroliga aylantirildi, kolonial davrdagi saroy kolleksionerlik an’analariga ko‘ra qurilgan O‘zbekistonning keksa muzeylari yangi – “sovetcha” yo‘nalishga o‘tishi qanday kechdi, nihoyat ular hozirgi zamonaviy sharoitlarga moslashishda qaysi yo‘ldan boryapti? Bu borada hozirgi vaqtda mafkuradan xoli bo‘lgan qanday fundamental tadqiqotlar olib borilmoqda?

Ushbu savollarga javob topish, muammolarni chuqur ilmiy tahlil etish bugungi muzeylarning kechiktirib bo‘lmaydigan vazifalari sirasiga kiradi. Chunki, hozirgi paytda davlatning madaniy sohadagi siyosati bilan qo‘llab-quvvatlanayotgan O‘zbekiston muzeylari amaliy faoliyati ularning nazariy konsepsiyalarga mos kelmaydi. Buning asosiy sababi zamonaviy muzeyshunoslikning fan sifatida haligacha taraqqiy etmaganidadir. Bu esa amaliy muzeyshunoslik tadqiqotlari va ishlanmalari past natijaviyligiga, muzeylar taraqqiyotining asosiy prinsiplarini ishlab chiqishda ilmiy tayanchning yetishmasligiga olib kelmoqda.

Davlatimiz rahbari tomonidan yaqinda qabul qilingan “Madaniyat va san’at sohasining jamiyat hayotidagi o‘rni va ta’sirini yanada oshirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi farmon ana shu bo‘shliqlarni to‘ldirish imkoniyatini yuzaga keltiradi.

Farmonda Vatanimiz tarixida birinchi marta O‘zbekiston davlat san’at muzeyi va O‘zbekiston tarixi davlat muzeyida muzeyshunoslik, san’atshunoslik, madaniyatshunoslik yo‘nalishlarida ixtisoslashtirilgan ilmiy kengashlar va ilmiy-metodik kengashlar tashkil etish belgilandi. Endilikda ana shu kengashlar vositasida O‘zbekistonda muzeyshunoslik yo‘nalishida tadqiqotlar olib boriladi va himoya qilinadi.

Darhaqiqat, O‘zbekiston muzeylarining tashkil topgan dastlabki davridan bugungi kunga qadar bosib o‘tgan yo‘lini chuqur tahlil etmasdan, zaruriy xulosalarni chiqarmasdan turib, ularni eskilik qolipidan chiqarib, yangi taraqqiyot yo‘liga tushib olishi uchun zarur shart-sharoitlarni yuzaga keltirish mumkin emas. Ushbu muammolarni O‘zbekistondagi muzeylar misolida tahlil qilish, muzeylarning har bir ijtimoiy-iqtisodiy tuzimda tutgan o‘rnini aniqlash va faoliyatiga tanqidiy baho berish orqali zaruriy xulosalarni olish zamonaviy muzey ishi taraqqiyotini nazariy jihatdan anglashga xizmat qiladi.

Mahmudxon YuNUSOV,

Samarqand davlat muzey-qo‘riqxonasi bosh muhofizi.