Android qurilmalar uchun Zarnews.uz mobil ilovasi. Yuklab olish x

O‘zbekistondagi ishsizlar soni ma’lum qilindi

AOKA huzuridagi shtabda bo‘lib o‘tgan brifingda Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligi axborot xizmati rahbari Rahimjon Mahkamov O‘zbekistonda ishsizlar soni qanchaga ko‘paygani va nechta odamga ishsizlik nafasi to‘lab berilgani haqida ma’lumot berdi:

- O‘zbekistonda ishsizlik darajasi iqtisodiy faol aholining 13,2 foiz tashkil etganini ko‘rsatdi. Bu ko‘rsatkich o‘tgan yilning shu davrida 9,1 foizga teng bo‘lgan. Ya’ni 4 foiz atrofida o‘sish mavjud.

Ishga muhtoj bo‘lganlarning umumiy soni 1 944 ming kishini tashkil etadi (ishsizlik darajasi: 30 yoshgacha bo‘lgan yoshlar o‘rtasida — 20,1 foiz, ayollar o‘rtasida — 17,4 foizga teng).

Mehnat resurslari soni 19 084,6 ming kishini tashkil etib, o‘tgan yilning shu davriga nisbatan 0,6 foizga ko‘paydi. Lekin iqtisodiyot tarmoqlarida band bo‘lganlar soni o‘tgan yilning shu davriga nisbatan 5 foizga yoki 671 ming kishiga kamayib, 12 736,7 ming kishini tashkil qildi.

Ayrim cheklovlar sababli yakka tartibda tadbirkorlik bilan shug‘ullanuvchilar soni o‘tgan yilning shu davriga nisbatan 167,5 ming (yoki 46,4 foiz)ga kamayib ketgani bilan, 131,2 ming ishsizlarni haq to‘lanadigan jamoat ishlariga jalb qilish hisobiga rasmiy bandlar soni keskin pasayishining oldi olindi.

Karantin davrida uyda o‘tirgan fuqarolar soni oshgani hamda fuqarolarning shaxsiy tomorqalarni rivojlantirish uchun subsidiyalar berish dasturi tufayli dehqon va shaxsiy tomorqalarda band bo‘lganlar soni 201,1 mingga ortgan.

Yanvar-iyun oylarida mehnat organlari tomonidan 588,2 ming ishsiz va band bo‘lmagan aholiga xizmatlar ko‘rsatildi. Ulardan 159,9 ming 30 yoshgacha bo‘lgan yoshlar, 229,4 ming ayollarimizdir.

501,1 ming nafar yurtdoshimiz doimiy ish o‘rinlariga ishga joylaytirish va jamoat ishlariga jalb qilish orqali bandligi ta’minlandi, 15 ming ishsizlar kasb-hunarga o‘qitildi, 27 ming ishsiz fuqaroga Bandlikka ko‘maklashish jamg‘armasidan 10,1 mlrd. so‘m ishsizlik nafaqasi to‘lab berildi.