Android qurilmalar uchun Zarnews.uz mobil ilovasi. Yuklab olish x

O‘zbekistonning Qozondagi bosh konsulining uzum uzishi Tataristondagi jurnal “yuziga” chiqdi

Rossiya Federatsiyaning Tatariston respublikasida chop etiladigan “Nash dom – Tatarstan” jurnalining 2019 yil, sentyabr (№5) sonida O‘zbekiston Respublikasining Qozon shahridagi bosh konsuli Faridun Nasriyev bilan suhbat e’lon qilindi.

Faridun Nasriyevning o‘zbek an’alarining asosini mehmondo‘stlik, keksalarni hurmat qilish va jamoaviylik tashkil etadi, degan fikri sarlavha sifatida tanlangan mazkur suhbat davomida keyingi yillarda O‘zbekiston va Rossiya munosabatlarida yangi davr boshlangani qayd etiladi.

Bosh konsul ikki davlat rahbarlari tomonidan amalga oshirilgan tashriflar chog‘ida Rossiya Federatsiyasi va O‘zbekiston mintaqalari o‘rtasida savdo-iqtisodiy, investitsiyaviy, madaniy-gumanitar sohalarda hamkorlik aloqalarini keng ko‘lamda yo‘lga qo‘yish yuzasidan muhim kelishuvlarga erishilganini ta’kidlaydi. Jumladan, bu aloqalarda Tatariston ham muhim rol o‘ynayotgani e’tirof etiladi.

Ikki tomonlama hamkorlik ko‘lamining kengayishi natijasida 2018 yilda O‘zbekiston va Tatariston o‘rtasidagi tovar aylanmasi 57 foizga o‘sib, 146 million dollardan oshdi.

Suhbat davomida O‘zbekiston Respublikasi va Rossiya Federatsiyasining Volgabo‘yi federal okrugi hududidagi 14 mintaqa o‘rtasida savdo-iqtisodiy, investitsiyaviy hamkorlik, sanoat kooperatsiyasini yanada rivojlantirish, ta’lim, sog‘liqni saqlash va turizm sohalarida aloqalarni mustahkamlash konsullik faoliyatining muhim yo‘nalishlari sifatida qayd etiladi. Shuningdek, mazkur hududda vaqtinchalik mehnat faoliyatini amalga oshirayotgan O‘zbekiston fuqarolariga konsullik-huquqiy yordam ko‘rsatish ham Qozon konsulligining asosiy vazifasi sifatida qayd etilgan.

Faridun Nasriyev jurnalistning o‘zbeklarga xos tarixiy an’ana va qadriyatlar, milliy taomlar, Samarqand va u bilan bog‘liq rivoyatlar, dunyoga mashhur Samarqand nonlari haqidagi savollariga ham batafsil javob bergan.

Eslatib o‘tamiz, Faridun Nasriyev 1981 yilda Samarqand shahrida tug‘ilgan. Toshkent moliya (2003) va Toshkent davlat yuridik (2007) institutlarini bitirgan. Yurtimiz bank idoralarida, tashqi ishlar vazirligida va mamlakatimizning xorijiy davlatlardagi konsulliklarida faoliyat olib borgan. 2019 yil iyun oyidan O‘zbekistonning Qozon shahridagi bosh konsuli.