Android qurilmalar uchun Zarnews.uz mobil ilovasi. Yuklab olish x

Pandemiya davrida Samarqandda onlayn omonatlar 59 foizga ortdi

Matbuot uyida Markaziy bank viloyat bosh boshqarmasi boshlig‘i o‘rinbosari Sherzod Suvonqulov ishtirokida brifing bo‘lib o‘tdi.

Brifingda Prezidentimiz tomonidan koronavirus pandemiyasining iqtisodiy tarmoqlarga salbiy ta’sirini yumshatish, aholi va tadbirkorlik sohasini qo‘llab-quvvatlash yuzasidan qabul qilingan qaror va farmonlarining ijrosini ta’minlash borasida viloyat bank tizimida amalga oshirilgan ishlar bo‘yicha ma’lumot berildi.

Hozirda viloyatda 73 ta bank filiali, 110 ta bank xizmatlari markazi va minibanklar, 98 ta valyuta ayirboshlash shoxobchasi, 119 ta 24/7 rejimda ishlaydigan shoxobchalar doimiy rejimda ishlamoqda.

Koronavirus pandemiyasi va global iqtisodiy inqiroz holatlarining iqtisodiyot tarmoqlariga salbiy ta’sirini kamaytirish yuzasidan viloyatda 340 ta “Xumo” tizimidagi, 224 ta “Uzkart” tizimidagi, umumiy 564 ta bankomat yetarli miqdordagi naqd pul mablag‘lari bilan uzluksiz ta’minlanmoqda. Ulardan bank xizmatlari foydalanuvchilari 20 martdan 26 oktyabrga qadar 2,8 trillion so‘m mablag‘ chiqim qilindi. Bu miqdor o‘tgan yilning mos davriga nisbatan 1,4 trillion so‘mga ortiq yoki ikki barobarga ko‘p. Viloyatda bankomatlar tarmog‘ini yanada kengaytirish maqsadida mart-oktyabr oylarida 165 ta bankomat o‘rnatildi. Yil yakunigacha yana 42 ta bankomat o‘rnatiladi.

Masofaviy bank xizmatlarini rivojlantirish maqsadida banklarimiz tomonidan “onlayn” chakana kreditlar, xalqaro pul o‘tkazmalarini masofadan turib olish va jo‘natish, to‘lov kartalarini masofadan turib ochish, “onlayn” omonat, avtomatlashgan ayirboshlash shoxobchalari orqali ko‘rsatiladigan xizmatlar hajmi va ko‘lamini oshirish borasida ishlar olib borilmoqda.

Misol uchun, aprel-oktyabr oylarida ajratilgan “onlayn” kreditlar 15 milliard so‘mni, jalb qilingan “onlayn” omonatlar 61 milliard so‘mni tashkil etib, o‘tgan yilning shu davriga nisbatan 32 foiz hamda 59 foizga ortgan.