Android qurilmalar uchun Zarnews.uz mobil ilovasi. Yuklab olish x

Pandemiya davrida undan ham xavfliroq narsa paydo bo‘ldi — «INFODEMIYa». U nima?

Nozima Muratova, filologiya fanlari nomzodi, dotsent:

➖ Bilasizmi, dunyo tarixida pandemiya birinchi holat emas. Dunyoda, shu jumladan, O‘zbekistonda vabo kasali tarqalgani bilan bog‘liq holatlar avval bo‘lgan. Lekin infodemiya aynan bugun O‘zbekistonda, dunyoda axborot sohasida qayd etilyapti.

Sababi shuki, «Axborot jamiyati nazariyalari» kitobi muallifi Frenk Vebster shunday deydi: XXI asrda insonlar media to‘yingan jamiyatda yashayapti, ya’ni ommaviy axborot vositalari, axborot bizni batamom qurshab olgan. Aynan shu holatda Jahon sog‘liqni saqlash tashkiloti "infodemiya" degan terminologiyani (ommaviy iste’molga) kirityapti.

Bu ommaviy axborot vositalarida, ijtimoiy tarmoqlarda, fuqarolik jurnalistikasi saytlarida, fuqarolik jurnalistlarining pozitsiyalarida bitta mavzuning juda ko‘p berilishi va shu mavzuga oid faktlarning, munosabatlarning, berilayotgan axborotlarning keragidan ortiq, hattoki, insonlarga emotsional bosim o‘tkazish darajasiga chiqqani bilan ifodalanadi.

JSST bekorga bu terminologiyani qo‘llamayapti. Sababi — pandemiya insonlarni fiziologik nuqtai nazardan kasal qilgan bo‘lsa, infodemiya insonlarning ruhiy holatiga ta’sir qilyapti, vahimaga olib kelyapti.

Berilayotgan axborotlarning turi, ko‘lami, vaqti nuqtai nazaridan qaraydigan bo‘lsak, bugun ommaviy axborot vositalarining auditoriyaga ta’siri cheklanmagan. Biz ertalab ham, kechqurun ham, yarim tunda ham, har soatda, har doim, har qayerda bo‘lishimizdan qat’iy nazar axborot bilan ta’minlanganmiz.

Axborotning aynan pandemiya mavzusiga oid ekani, aynan pandemiya mavzusidagi negativ ma’lumotlarning ko‘payishi, pandemiya bilan bog‘liq holatlarning ayrim hollarda bo‘rttirilishi auditoriyaning emotsional holatiga qaysidir ma’noda putur yetkazayotgani, uyda o‘tirib, izolyasiyada bo‘lgan aholini axborot bilan ta’minlashda biryoqlamalikning ko‘zga tashlanishi va bularning ruhiy ta’sir o‘tkazayotgani bilan ifodalanadi. Aynan shuning uchun ham XXI asr media olamida, hatto sog‘liqni saqlash tizimida infodemiya degan tushuncha yuzaga keldi va bu tushuncha media makonda o‘rtaga tashlandi.