Android qurilmalar uchun Zarnews.uz mobil ilovasi. Yuklab olish x

Paqildoqlar xaridorlarga yetib bormadi

Ostonamizda barcha orziqib kutayotgan bayram – Yangi yil eshik qoqib turibdi. Tabiiyki, bayramni hamma yaxshi kutib olishni istaydi va shuning tadorigida bo‘ladi. Ammo ko‘cha-ko‘yda turli paqildoqlarning dilni xira qiluvchi ovozi bayram kayfiyatiga salbiy ta’sir ko‘rsatmay qolmaydi.

Samarqand viloyati davlat soliq boshqarmasi tomonidan pirotexnika vositalarining noqonuniy savdosiga chek qo‘yishga qaratilgan tadbirlar amalga oshirilmoqda. Xususan, Samarqand shahrining Turkiston ko‘chasida o‘tkazilgan nazorat tadbirida fuqaro M.S.ning pirotexnika savdosi bilan shug‘ullanayotgani ma’lum bo‘ldi. Natijada unga tegishli bo‘lgan qiymati 8 million 850 ming so‘mlik 480 quti “Britanik” pirotexnika vositasi va 3 dona “Rimskaya svecha” mushagi daliliy ashyo sifatida vaqtincha saqlash uchun olib qo‘yildi.

Shu o‘rinda yurtdoshlarimizga aytar so‘zimiz bor: inson hayoti va salomatligiga raxna soluvchi, yong‘in va boshqa ko‘ngilsiz holatga sabab bo‘luvchi pirotexnika vositalarining noqonuniy savdosi bilan shug‘ullanmang. Pirotexnika buyumlarini qonunga xilof ravishda ishlab chiqarish, tayyorlash, saqlash, tashish, jo‘natish, ulardan foydalanish, mamlakatimizga olib kirish (olib chiqish) yoki o‘tkazish taqiqlangan. Mazkur noqonuniy xatti-harakatlarni sodir etganlar O‘zbekiston Respublikasining Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksi hamda Jinoyat kodeksining tegishli moddalari bo‘yicha javobgarlikka tortiladi.

Umid ALIMOV,

Samarqand viloyati davlat soliq boshqarmasi axborot xizmati xodimi.