Android qurilmalar uchun Zarnews.uz mobil ilovasi. Yuklab olish x

Partiya tanlov o‘tkazdi

O‘zbekiston “Milliy tiklanish” demokratik partiyasi Samarqand viloyati kengashi tomonidan hamkor tashkilotlar bilan davlatimiz rahbarining “Mamlakatimizda o‘zbek tilini yanada rivojlantirish va til siyosatini takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi farmoni hamda “Buyuk shoir va mutafakkir Alisher Navoiy tavalludining 580 yilligini keng nishonlash to‘g‘risida”gi qarorini keng targ‘ib qilishga doir davra suhbati o‘tkazildi.

Qayd qilinganidek, 8 ta yo‘nalishni o‘z ichiga partiya saylovoldi dasturida rasmiy hamda ommaviy muomalada o‘zbek adabiy tili me’yor va qoidalari buzilishining oldini oladigan aniq va maqsadli ishlarni olib borish asosiy masalalardan biri sifatida belgilangan. Bu borada 21 oktyabr kuni partiya viloyat kengashi huzurida “O‘zbek tilini o‘qitish markazi” ochildi.

Bir necha yildirki, an’anaviy tarzda o‘tkazib kelinayotgan “Navoiy vorislari” loyihasida buyuk mutafakkir ijodiga befarq bo‘lmagan, uning g‘azallarini to‘liq yod oladigan va g‘azal matnidagi tushunish qiyin bo‘lgan so‘zlarni izohlab beradigan 14 mingdan ortiq iqtidorli yoshlar kashf etildi.

- So‘z mulkining sultoni ijodiga qiziqish va uni o‘rganishga intilish “Milliy tiklanish” demokratik partiyasi tashabbusi bilan o‘tkazilayotgan “Navoiy vorislari” tanloviga tayyorgarlik jarayonida yanada ortgan, - deydi tanlovning 2018 yilgi ishtirokchisi Sevinch Yusupova. - Bu yil shu intilishim va partiyaning xayrixohligi natijasida Alisher Navoiy nomidagi o‘zbek tili va adabiyoti universiteti talabasi bo‘ldim.

Partiyaning 2020-2024 yillarga mo‘ljallangan saylovoldi dasturida Navoiy ijodini tom ma’noda xalq mulkiga aylantirish ustuvor vazifa sifatida belgilangan. Shu bois, “Navoiy vorislari” ko‘rik-tanlovining qamrovini yanada kengaytirish nazarda tutilgan. Shoir tavalludining 580 yilligini nishonlash to‘g‘risidagi Prezident qarorida bu tashabbusning qo‘llab-quvvatlangani Navoiyning yana minglab izdoshlarini kashf etish hamda yoshlarning kitobga bo‘lgan muhabbatini oshirishda beqiyos ahamiyat kasb etadi.

Ozoda NORIMOVA,

partiya viloyat kengashi bosh mutaxassisi.