Android qurilmalar uchun Zarnews.uz mobil ilovasi. Yuklab olish x

Payariqdagi maktablarda bola soni ko‘p, sinfxonalar yetishmaydi: Ta’lim sifatining pasayib ketishiga yana nimalar sabab bo‘lmoqda?

Maktablardagi ta’lim sifati, yaratilgan shart-sharoit, kuz-qish mavsumiga tayyorgarlik ishlarini o‘rganish maqsadida bu galgi safarimiz Payariq tumanida bo‘ldi. Tumandagi 99 ta umumiy o‘rta ta’lim maktabini 2019-2020 o‘quv yilida 3841 nafar o‘quvchi bitirdi. Ularning 419 nafari, ya’ni 10,9 foizi oliy o‘quv yurtlariga o‘qishga kirdi. O‘tgan 2018-2019 o‘quv yilida bu ko‘rsatkich 4,4 foiz bo‘lib, tuman maktablari respublika miqyosida ham quyi o‘rinlardan joy olgandi. Bu yilgi ko‘rsatkich biroz oshgan bo‘lsada, 16 ta maktab bitiruvchilarining birortasi ham oliy ta’lim muassasalariga o‘qishga kira olmagani afsuslanarli.

Tuman maktablarida mehnat qilayotgan 4813 nafar o‘qituvchining 3799 nafari oliy ma’lumotli bo‘lsa, 208 nafari tugallanmagan oliy, 806 nafari o‘rta maxsus ma’lumotga ega.

- Ta’lim sifatini oshirish borasida birinchi galda pedagoglar tarkibini o‘rganayapmiz, - deydi tuman xalq ta’limi bo‘limi mudiri o‘rinbosari Shokir Uralboyev. - Ular haqiqatda ham o‘z mutaxassisligi bo‘yicha ishlayaptimi yoki tanish-bilishlik orqali boshqa fanlardan ham dars berayaptimi? Haqiqatni tan oladigan bo‘lsak, ayrim maktab rahbarlari qator yillar o‘z qarindosh(lar)ini qo‘llab-quvvatlab kelishi ortidan ham ta’lim samaradorligi oqsadi. Bugun meva bermagan daraxt kabi bitiruvchilari oliy ta’lim dargohlariga kira olmayotgan maktablarning aksariyatida mutaxassis kadrlar yetishmaydi.

Shuningdek, hayotimizni internetsiz tasavvur qila olmaydigan, ayrim maktablarda elektron jurnal tashkil qilingan bir paytda tuman maktablarining atigi 20 tasi optik tolali internetga ulangan. Maktablardagi jami 2316 ta kompyuterning 366 tasi yaroqsiz holda.

Maktabda sinfxonalardan tashqari faqat direktor xonasi bor

Do‘stlik mahallasida joylashgan 49-umumiy o‘rta ta’lim maktabi 2015 yilda 96 o‘ringa mo‘ljallab qurilgan. Atigi 20 sotixdan ziyodroq maydonga ega bo‘lgan maktabda sport zali qurilmagan. Kutubxona, o‘qituvchilar xonasi, faollar zali, tibbiyot xonasi yo‘q. Xullas, maktabda sinfxonalardan tashqari faqat direktor xonasi bor. Bor-yo‘g‘i 125 nafar o‘quvchiga ega bo‘lgan maktabda sinfxonalar yetishmagani bois darslar 2 navbatda o‘tiladi. Maktab dashtli hududda joylashgan bo‘lib, unga 4 ta qishloq bolalari uzoq masofadan qatnab o‘qiydi.

- Maktabimiz 11 yillik bo‘lganiga atigi 2 yil bo‘ldi, - dedi direktorning o‘quv ishlari bo‘yicha o‘rinbosari Xayrullo Tangiriyev. – Bitiruvchilarimizning birortasi ham oliy o‘quv yurtlariga kirolmaganining sababi yaqin yillargacha oliy ma’lumotli mutaxassislar yetishmay sifat ko‘rsatkichimiz pasayib ketdi.

Ko‘mirni elakdan o‘tkazmasdan ishlatib bo‘lmaydi

Jovsharota mahallasida joylashgan 4-umumiy o‘rta ta’lim maktabining yangi binosi 2017 yilda qurilgan. Ammo maktab binosi o‘ralmagan, rejada qurilishi kerak bo‘lgan sport zali qurilmagan. 180 o‘rinli maktabda 310 nafar bola tahsil olmoqda. Sinflar yetishmagani sababli yangi binoda faqat dars o‘tiladi. Direktor xonasidan tortib, kutubxona, ma’naviyat xonasi, tibbiyot xonasi, ko‘mirxona maktabning yonidagi eski, sovuq binoda joylashgan. Eski bino bir vaqtlar hashar yo‘li bilan qurilgan bo‘lib, bugungi kun talablariga javob bermaydi.

- Bu yil maktabni 13 nafar o‘quvchi bitirdi, ularning 2 nafari oliy ta’lim muassasalariga o‘qishga kirdi, - dedi direktorning o‘quv ishlari bo‘yicha o‘rinbosari Ziyomiddin Eshmirzayev. – Maktabimizda faqat rus tili fani o‘qituvchisi yetishmaydi, qolgan fanlardan pedagoglar yetarli.

Maktabga kuz-qish mavsumi uchun 8 tonna ko‘mir berilgan, ammo briket berilmagan. Ko‘mirning kukuni ko‘pligi bois elakdan o‘tkazib ishlatishyapti.

Tuman xalq ta’limi bo‘limining ma’lumotiga ko‘ra, kuz-qish mavsumi uchun maktablarga 2528,0 tonna ko‘mir va 163,0 tonna briket (aslida 1918,0 tonna berilishi kerak) tarqatilgan va go‘yoki reja bajarilgan. Biroq, maktab rahbarlari berilgan ko‘mir qishdan chiqishga yetmasligini aytishdi.

Maktab elektron kundalikka ulangan, biroq internet yo‘q...

Tumandagi namunali maktablardan biri Alisher Navoiy mahallasida joylashgan 6-umumiy o‘rta ta’lim maktabi bo‘lib, unda 1910 nafar o‘quvchi tahsil olmoqda. Ammo maktab binosi 840 o‘rinli, bu yerda ham sinfxonalar yetishmaydi. Shuning uchun maktabga qo‘shimcha foydalanish uchun tumandagi 1-kasb-hunar maktabining 6 ta xonasi berilgan. U yerga yuqori sinf o‘quvchilari qatnab o‘qimoqda. Maktabga 5 ta mahalla bolalari kelib o‘qiydi. Bu yil maktabni 144 nafar o‘quvchi bitirib, ulardan 30 nafari oliy ta’lim dargohlariga o‘qishga kirgan.

- Maktabimizda barcha pedagoglar o‘z kasbini astoydil sevadi va jamoada sog‘lom muhit bor, - dedi maktab direktori Zebiniso Yusupova. – Maktabda 130 nafar o‘qituvchi bo‘lib, ularning 14 nafari oliy toifa, 28 nafari 1-toifali o‘qituvchilardir. O‘quv dargohimiz tumanda namunali maktab sifatida nom qozonishiga bu yerga tajribali, fidoyi o‘qituvchilarning to‘planganidan deb hisoblayman. Shuning uchun ham maktabimiz tayanch maktabi bo‘lib, boshqa maktab o‘qituvchilariga bizning o‘qituvchilarimiz mahorat darslari o‘tadi.

Namunali maktabning ham o‘ziga yarasha muammolari bor. Maktab elektron kundalikka ulangan, biroq optik tolali internetga ulangan bo‘lsada, internet ishlamaydi. Mas’ul idoralarga qilgan murojaatlari besamar ketgani bois maktab rahbariyati o‘z hisobidan to‘rtta wi-fi sotib olib, muammoni hal etmoqchi.

Bundan tashqari, o‘tgan o‘quv yilida maktab kapital ta’mirlanishi kerak edi. Pandemiya sabab maktab ta’miri qoldirilgan.

850 o‘rinli maktabda 1892 nafar o‘quvchi tahsil olmoqda

Yassaviy mahallasida joylashgan 79-umumiy o‘rta ta’lim maktabi ham namunali maktablardan hisoblanadi. 850 o‘rinli maktabda 1892 nafar o‘quvchi tahsil olmoqda. Afsuski, bu maktabda ham o‘quvchilar 2 navbatda o‘qisa ham sinfxonalar yetishmaydi. Shuning uchun maktabdan 2,5 kilometr uzoqlikda joylashgan kollej binosi filial sifatida berilgan.

2019-2020 o‘quv yilida maktabni 144 nafar o‘quvchi bitirgan bo‘lib, ulardan 23 nafari oliy ta’lim muassasalariga o‘qishga kirgan.

- O‘qituvchi va o‘quvchilarimni rag‘batlantirib turaman, - dedi maktab direktori Asatullo Djurayev. – Yaqinda fan olimpiadalari tuman bosqichida 8 nafar o‘quvchim 1-o‘rinni egalladi. Ularni va o‘qituvchisini maktab jamoasi oldida faxriy yorliq bilan tabrikladim. O‘qituvchiga ham, o‘quvchiga ham qimmatbaho sovg‘a emas, rag‘bat kerak. Direktor pedagoglarni ruhlantirib tursa, ular o‘quvchilarga motivatsiya beradi. O‘quvchilar darsni qiziqib tinglaydi, o‘qish, o‘rganishga ishtiyoqi oshadi.

Maktab optik tolali internetga ulangan, isitish tizimi yaxshi. Maktab kutubxonasida 2,5 mingdan ortiq badiiy kitoblar bor. Faqat maktabning 1976 yilda qurilgan binosi kapital ta’mirga muhtoj. Shuningdek, maktab hovlisidan qo‘shimcha bino qurish kerak.

  O‘tgan o‘quv yilida viloyatda atigi bitta maktab qurildi

Surishtiruvimiz jarayonida shu narsa ma’lum bo‘ldiki, tuman maktablaridagi asosiy muammo sinfxonalar yetishmasligi ekan. Shu bois ayrim maktablarda o‘qituvchilar xonasi yo‘q. O‘qituvchi darsdan keyin yozuv ishlarini qayerda bajaradi? Biz yuqorida bo‘lgan maktablarning barchasiga qo‘shimcha binolar qurish kerak. Boshqa maktablarda ahvol bundan ham og‘irdir?

Bugun ayrim sinflarda 40 tagacha bola tahsil olmoqda. Aslida o‘quvchilar soni 25 tadan oshmasligi kerak. 2019-2020 o‘quv yilida viloyat bo‘yicha atigi bitta maktab qurilgani ham fikrimizning isbotidir. Yangi maktab Samarqand shahri, Qorasuv massivida qad rostladi, biroq hali ishga tushgan emas. Yildan yilga aholi sonining ortishini hisobga oladigan bo‘lsak, 3 million 930 mingga yaqin aholi yashaydigan Samarqand viloyatida bir yilda bitta maktab barpo etish kamlik qiladi, albatta. Ushbu muammo bugun respublika miqyosida o‘rganilishi hamda ta’lim sohasiga byudjetdan yetarlicha mablag‘ ajratilishi lozim.

Har oyda o‘qituvchilardan imtihon olinadi

Tuman xalq ta’limi bo‘limida bir yangilikni eshitib, xursand bo‘ldik. Maktab o‘qituvchilarining bilim saviyasini baholash maqsadida ulardan test olish yo‘lga qo‘yilibdi. Test savollari darslik asosida tuzilgan bo‘lib, har bir fan o‘qituvchisiga o‘zining fanidan savollar beriladi. Natijalar har bir maktabning e’lonlar taxtasiga joylashtiriladi. Bir oydan so‘ng o‘qituvchilardan yana test savollari asosida imtihon olinadi. Bu ularning o‘z ustida ishlashiga xizmat qiladi.

Shuningdek, o‘qituvchilarning malakasini oshirish ham avvallardagidek oson emas, tanish-bilishchilik yo‘qolgan. Viloyat xalq ta’limi xodimlarini qayta tayyorlash va ularning malakasini oshirish hududiy markazida ayrim o‘qituvchilar malaka imtihonidan o‘tolmayapti. Bu ham adolatli, shaffof tizim o‘rnatilganidan dalolatdir.

Xurshida ERNAZAROVA,
Baxtiyor MUSTANOV (foto),
“Zarafshon” muxbirlari.