Android qurilmalar uchun Zarnews.uz mobil ilovasi. Yuklab olish x

PISA dasturi doirasidagi tadqiqotlar bir yil muddatga kechiktiriladi

Butun dunyoda kechayotgan pandemiya sababli o‘quvchilarni baholash xalqaro PISA va PIRLS dasturlari doirasida o‘tkazilishi rejalashtirilgan tadqiqotlarning muddatlariga o‘zgartirishlar kiritildi.

Ma’lumki, O‘zbekiston ilk marotaba ishtirok etayotgan ushbu xalqaro tadqiqotlar doirasida tajriba-sinov jarayonlari 2020 yilning aprel-may oylarida, asosiy tadqiqotlar esa 2021 yil aprel-may oylarida o‘tkazilishi belgilangan edi. Ushbu jarayon pandemiya sababli qoldirildi.

Hozirgi vaqtga qadar Iqtisodiy hamkorlik va taraqqiyot tashkiloti (OECD), Ta’lim sohasidagi yutuqlarni baholash xalqaro assotsiatsiyasi (IEA) kabi xalqaro tashkilotlar tomonidan tadqiqotda qatnashuvchi mamlakatlar, dasturning boshqaruv kengashi a’zolari, xalqaro ekspertlar kengashi hamda mamlakatlardagi Milliy markazlar ishtirokida tadqiqotlarning tashkil etilish muddatlarini belgilash bo‘yicha muhokamalar olib borildi.

Muhokamalar natijasida PISA dasturi doirasidagi tadqiqotlar bir yil muddatga kechiktiriladi. Bunda 2020 yilga mo‘ljallangan tajriba-sinovlar 2021 yilning aprel-may oylarida, 2021 yilga mo‘ljallangan asosiy tadqiqot esa 2022 yilning aprel-may oylarida o‘tkazilishi rejalashtirildi. Shuningdek, tadqiqotning 3 yillik davriyligini inobatga olgan holda 2024 yilga mo‘ljallangan tadqiqotlar ham o‘z navbatida 2025 yilga ko‘chirildi.

PIRLS dasturi doirasidagi asosiy tadqiqot kechiktirilmadi va o‘z muddatida, ya’ni 2021 yil aprel oyida o‘tkazilishi bo‘yicha rejalar o‘z kuchida qoldirildi. Bunda, 2020 yil aprel oyiga rejalashtirilgan tajriba-sinov jarayonlari karantin sharoiti barqarorlashgan taqdirda 2020 yilning oktyabr oyiga ko‘chirilishi rejalashtirildi.

O‘zbekiston Respublikasi Xalq ta’limi tizimini 2030 yilgacha rivojlantirish konsepsiyasida PISA (The Programme for International Student Assessment) xalqaro o‘quvchilarni baholash dasturi reytingida O‘zbekistonning 2021 yilda birinchi 70 talikka, 2025 yilda 60 talikka va 2030 yilga kelib esa birinchi 30 ta ilg‘or mamlakatlar qatoriga kirishi ko‘zda tutilgan.

Shunday ekan, ushbu muddatlarning o‘zgarishi bir tomondan olganda, umumta’lim muassasalari uchun tayyorgarlik ko‘rishlariga qo‘shimcha imkoniyatlarni yaratib beradi. Endilikda tayyorgarlikni susaytirmasdan, tadqiqotda munosib ishtirok etish uchun barcha kerakli harakatlarni amalga oshirish hamda tayyorgarlikni yuqori darajaga olib chiqish barchamizning oldimizda turgan ustuvor vazifadir.

G‘ayrat BOBOXOLOV,

Ta’lim sifatini nazorat qilish davlat inspeksiyasi viloyat hududiy bo‘limi boshlig‘i.