Android qurilmalar uchun Zarnews.uz mobil ilovasi. Yuklab olish x

Poytaxtimizda xususiy bandlik agentliklariga litsenziyalar topshirildi. Ular orasida samarqandlik agentlik ham bor

Kuni kecha O‘zbekiston Respublikasi Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligida xususiy bandlik agentliklariga tantanali ravishda litsenziyalar topshirildi.

Ma’lumki, 2018 yil 16 oktyabr O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti tomonidan “Xususiy bandlik agentliklari to‘g‘risida“gi Qonun imzolangan edi. Mazkur qonunga asosan, O‘zbekiston fuqarolarini xorijda ishga joylashtirish bo‘yicha davlat monopoliyasi tugatilib, bu sohada xususiy tashkilotlar faoliyati uchun keng imkoniyatlar yaratildi. Shunga muvofiq O‘zbekiston Respublikasi Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligi xususiy bandlik agentliklarini ro‘yxatga olish va fuqarolarni xorijda ishga joylashtirish uchun litsenziya berish amaliyotini yo‘lga qo‘ydi. Ushbu tizim asosida bugungi kungacha Xorazm, Samarqand, Andijon, Toshkent viloyatlaridagi 5 ta xususiy bandlik agentligiga fuqarolarni xorijda ishga joylashtirish bo‘yicha litsenziyalar berildi.

Fuqarolarni xorijda ishlashga yuborish vakolati shu paytgacha faqat O‘zbekiston Respublikasi Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligi huzuridagi Tashqi mehnat migratsiyasi masalalari agentligida mavjud edi. Endilikda mazkur vazifani Tashqi mehnat migratsiyasi masalalari agentligidan tashqari Respublikaning turli hududlarida joylashgan litsenziyaga ega xususiy bandlik agentliklari ham erkin amalga oshirishlari mumkin.

Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligida o‘tkazilgan marosimda yana 10 ta ana shunday xususiy bandlik agentliklariga litsenziyalar taqdim etildi. Endilikda ushbu xususiy bandlik agentliklari Samarqand, Farg‘ona, Andijon, Toshkent shaharlarida fuqarolarga rasman xizmat ko‘rsatishni boshlaydi.

Ushbu xususiy agentlik faoliyati  haqidagi to‘liq ma’lumotlardan xabardor bo‘lishni istasangiz, saytimizni kuzatib boring.