Android qurilmalar uchun Zarnews.uz mobil ilovasi. Yuklab olish x

Prokuror vakolati kengaydi: tergov harakatlari videokonferensaloqa rejimida o‘tkazilishi mumkin

O‘zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga jinoyat protsessi ishtirokchilarining huquqlari himoya qilinishini ta’minlash bilan bog‘liq o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risidagi Qonun Prezident tomonidan imzolandi (O‘RQ–542, 23.05.2019), deb xabar bermoqda huquqiy axborot kanali.

“Prokuratura to‘g‘risida”gi Qonunga kiritilgan qo‘shimchalarga muvofiq, prokuror endilikda tergovga qadar tekshiruvni amalga oshiruvchi mansabdor shaxslarning ham noqonuniy qarorlarini bekor qilish hamda surishtiruv muddatini uzaytirish huquqiga ega.

Surishtiruvchi lavozimiga ham prokuror va tergovchi uchun qo‘yilgan talablarga javob beradigan fuqarolar, ya’ni oliy yuridik ma’lumotga ega, zarur kasbiy fazilatlari bo‘lgan, zimmalariga yuklanadigan xizmat vazifalarini bajarishga sog‘lig‘i imkon beradiganlar tayinlanadi.

Endilikda, tergov harakatlari shaxslarni turgan joyidagi huquqni muhofaza qilish organlariga keltirgan holatda videokonferensaloqa rejimida o‘tkazilishi mumkin.

Tergovni videokonferensaloqa orqali o‘tkazishga quyidagilar asos bo‘ladi:

- shaxsning tergovga sog‘lig‘i yoki boshqa uzrli sababga ko‘ra borolmasligi;

- jinoyat protsessi ishtirokchilarining xavfsizligini ta’minlash zarurati tug‘ilganda;

- kechiktirib bo‘lmaydigan tergov harakatlari o‘tkazilganda;

- tergov o‘tkazish qiyinlashishi va ortiqcha xarajatlar chiqarishi mumkinligi haqida asoslar bo‘lganida.

Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksga kiritilgan o‘zgartirishlarga muvofiq, haydovchilarning svetoforning taqiqlovchi signalida yoki yo‘l harakatini tartibga soluvchining taqiqlovchi ishorasida to‘xtash chizig‘ini bosib kirishi ham eng kam oylik ish haqining ikkidan bir baravari miqdorida jarima solishga sabab bo‘ladi.

Jinoyat-ijroiya kodeksiga kiritilgan qo‘shimchalarga muvofiq, Prezident huzuridagi Tadbirkorlik sub’yektlarining huquqlari va qonuniy manfaatlarini himoya qilish bo‘yicha vakil jazoni ijro etish muassasalariga moneliksiz kirish huquqiga ega bo‘ldi.