Android qurilmalar uchun Zarnews.uz mobil ilovasi. Yuklab olish x

Pushkin nomidagi kutubxona O‘zbekiston Milliy kutubxonasi filiali maqomiga ega bo‘ldi

Viloyat A.Pushkin nomidagi axborot kutubxona markazida kapital rekonstruksiya ishlarining ilk bosqichi boshlandi.

- Kutubxonamiz O‘zbekiston matbuot va axborot agentligi tasarrufiga o‘tkazilib, O‘zbekiston Milliy kutubxonasi filiali maqomiga ega bo‘ldi, - deydi viloyat kutubxonasi rahbari Shahodat Ahmedova. – Ta’mirlash ishlari uchun mablag‘ axborot-kutubxona muassasalarini rivojlantirish Fondi tomonidan ajratildi. Kutubxonamizdagi ilk ta’mirlash ishlari, ya’ni isitish tizimini yangilash uchun 550 million so‘m mablag‘ ajratilgan. Ayni paytda eski isitish tizimi olib tashlanib, o‘rniga yangisi o‘rnatilmoqda. Yaqin kunlarda bu yerda kitobxonlar uchun qulay sharoitlar yaratiladi.

Aytish joizki, kapital ta’mirlash ishlarining ikkinchi bosqichida kutubxonaning eshik va romlari, tashqi ko‘rinishi o‘zgaradi. Bu ishlar shu yilning mart-aprel oylarida amalga oshiriladi. Shundan so‘ng kutubxona ichki ko‘rinishi ham zamonaviy holatga keltiriladi.

Sh.Ahmedovaning so‘zlariga ko‘ra, ushbu tadbirlar respublikadagi kutubxonalar tizimini yaxshilash dasturi asosida amalga oshirilayotgan bo‘lib, bu keyinchalik mamlakatdagi kutubxonalarning yagona bazasini yaratish yo‘lidagi harakatlardir.

Furqat TURNIYoZOV.