Android qurilmalar uchun Zarnews.uz mobil ilovasi. Yuklab olish x

Qadimgi turkiy-runiy yozuvlarining vatani – O‘zbekiston

Darhaqiqat, «noma’lum yozuv» O‘rta Osiyoning janubi  y-sharqiy qismi va Afg‘onistonning shimoliy-g‘arbida shakllangan ko‘rinadi. Bu yozuv yodgorliklarining tarqalish mintaqasi «Issiq» qo‘rg‘oni hududi va Yettisuvdan janubga, to Hindikushgacha, sharqdan shimoliy Afg‘onistongacha, g‘arbdan sharqiy Turkmanistongacha yoyilgan. Faoliyat doirasi esa miloddan avvalgi III asrdan milodiy VIII asrgacha bo‘lgan davrni o‘z ichiga oladi.

1978 yilda Afg‘oniston hududidagi arxeologik izlanishlar paytida qadimgi Oyxonum shahrida – yana miloddan avvalgi II asrga xos yana bir bitik topilgan. V.A.Livshits «Issiq yozuvi»ga o‘xshash bu bitikni VII-VIII asrlarga xos deb qaraydi. Xuddi shu yozuvda bitilgan yodgorlik Turkmaniston (marv)dan ham topilgan.

Xullas, ilm-fanda olimlar o‘rtasida VI-VIII asrlarga xos turkiy-run (urxun-yenisey) bitiklarining ilk bor topilganida uning yozuvi, tili, yuzaga kelgan davri, o‘rni va tarqalish hududlari kabi masalalarda munozarali  fikr-mulohazalar ancha vaqt davom etgani kabi Markaziy Osiyodan topilgan qadimgi bitiklar «noma’lum yozuv»lar nomi bilan qaysi tilga tegishliligi haqida ham ana shunday munozaralar davom etdi. Shu bois yuqorida qayd etilgan fikrlar va ma’lumotlar turlichadir.

Shunga qaramasdan, o‘zbek yozuvshunoslari «noma’lum yozuv»larni o‘rganishni davom ettirib, haqiqatga yaqin fikrlarni aytmoqda. Nasimxon Rahmonov va Boqijon Matboboyevlarning fikricha, «Issiq yozuvi»ni o‘rganish, tatbiq etish shuni ko‘rsatadiki, u Markaziy Osiyo turkiy-runiy yozuvining ilk namunasi, harf va tovush (fonografik) yozuvining mukammal ko‘rinishidir.

Buni Markaziy Osiyoning ko‘pgina hududlaridan, jumladan, o‘tgan asrning 80-yillarida Baqtriya davlati hududi (Surxondaryo)dan, xususan, Farg‘ona vodiysidan, ayniqsa, Kampir tepa, Ko‘hna Termiz, Qo‘shtepa kabi ko‘plab hududlardan topilgan bitiklardagi yozuv namunalari «Issiq yozuvi» an’anaviy ravishda davom etganini tasdiqlaydi.

Jumladan, mashhur turkolog I.Kizlasov turkologiyada yangi fikr aytgan edi. U «Isfara yozuvi»ni butun O‘zbekiston hududidan topilgan turkiy-run yozuvlari uchun asos bo‘lgan, deb qaragan. Isfara daryosi sohilidan topilgan yozuv yodgorliklari, xususan, turkiy-run yozuvlari topilgan joylar Farg‘ona vodiysi nomi bilan tilga olinadi. Demak, Markaziy Osiyo, jumladan, O‘zbekiston ham turkiy-runiy yozuvining vatani bo‘lgan, degan mulohaza haqiqatga yaqindir.

Usmon SANAQULOV,

filologiya fanlari doktori, professor.