Android qurilmalar uchun Zarnews.uz mobil ilovasi. Yuklab olish x

Qadimgi turkiy-runiy yozuvlarining vatani – O‘zbekiston (2-qism)

Turkiy-run yozuvlariga tegishli fikr-mulohazalar «Issiq yozuvi»dan oldinroq, 1954 yilda fransuz arxeologi A.Marik tomonidan bir idish parchasida bitilgan yozuv asosida qilgan tadqiqotidan boshlandi. Bu bitik ilk bor «noma’lum yozuv» nomini olgan. 1966 yilda G.A.Pugachenkova ham Xolchayondan noma’lum yozuv lavhasini topadi. Bu yozuv ham ancha vaqtgacha o‘qilmay, noma’lumligicha qoldi. 1967 yilda fransiyalik geolog A.Butner Afg‘oniston hududidagi (Qobuldan 70 kilometr shimoliy-g‘arbda) Dashti Navur qoyasiga o‘yib bitilgan katta hajmdagi noma’lum yozuv namunasini topgan.

1969 yilda J.Fyusman bu bitikni o‘qishga kirishadi. Uning fikricha, bu bitik milodiy birinchi asrga tegishli bo‘lib, u uch tilda, ya’ni yuxaroshta, yunoncha grafika asosidagi baqtarcha va noma’lum tilda yozilgan edi.

Baqtar yozuvi esa 279 yilda bitilganligi ko‘rsatilgan ekan. Sankt-peterburglik olim «noma’lum yozuv» haqida fikr bildirib, uni miloddan avvalgi V-IV asrlarga xos bo‘lgan «Issiq yozuvi»ni o‘zida gavdalantiradi, deb hisoblaydi.

Mashhur tilshunos olim J.Fyusman bu xat o‘ngdan chap tomonga qarab yozilishini, Surx-Kotal va Xolchayon yozuvlari bilan bir ekanligini isbotlaydi. 1972 yilda arxeolog K.Akishev mashhur «Issiq» qo‘rg‘onidan topilgan miloddan avvalgi IV-III asrlarga tegishli kumush kosaga bitilgan yozuvni aniqlaydi. Tilshunoslar esa uni ham «noma’lum yozuv» sirasiga qo‘shadilar. Bu yozuvning bitilgan davri va o‘qilishida mutaxassislar orasida har xil fikrlar bo‘lsa-da, «Issiq» qo‘rg‘oni tarixi miloddan avvalgi III asrdan kam emasligi masalasida ikkilanish bo‘lmadi. «Issiq yozuvi» “noma’lum yozuv” tarqalgan tarixiy-madaniy mintaqalar geografiyasiga ham aniqlik kiritdi. Bu yozuv namunalari janubiy O‘zbekistonning Xotinrabot, Qoratepa, Fayoztepa, To‘qqiztepa, Kampirtepa, Shimoliy Afg‘onistonning Oyxonum bitik yodgorliklarida aks etgan.

«Issiq yozuvi» («noma’lum yozuv») yodgorliklarini akademik E.V.Rtveladze yuechji qabilalari bilan bog‘laydi. V.A.Livhits esa saklarga tegishli, deydi. Shu bilan birga, «Issiq» yozuvi Kushon imperiyasi yozuv tizimining rasmiy shakllaridan biri, degan xulosaga keladi. Keyingi yillarda tadqiqotchilar bu yozuv eng qadimgi turkiy yozuv bo‘lishi kerak, degan farazlarni o‘rtaga tashladi. Masalan, A.S.Osmonjo‘lov «Issiq yozuvi” turkiy yozuv ekanligiga shubha qilmaydi.

E.V.Rtveladze «noma’lum yozuv» tilini aniqlash atributikasiga tuzatishlar kiritadi. Har holda «noma’lum yozuv»ning tarqalish geografiyasi ham uning yuechji nomli turkiy qabilalarga mansubligiga shubha uyg‘otmaydi, deydi. Chunki yuechji qabilalari turkiy bo‘lib, aslida Markaziy Osiyoda (Turkiston va Qang‘, Davan davlatlarida ham) yashaganligi, ularning qarindoshlari xunnlarning siquvi ostida avval Yettisuvga, so‘ng Baqtriyaga kelib qolganligi tarixiy manbalardan ma’lum. E.V.Rtveladzening yozishicha, «noma’lum yozuv»ning asosiy vatani Tohariston bo‘lib, davr jihatidan miloddan avvalgi V-IV asrdan milodiy VII-VIII asrlarni qamrab oladi.

Usmon SANAQULOV,

filologiya fanlari doktori, professor.

***

(Davomi bor).