Android qurilmalar uchun Zarnews.uz mobil ilovasi. Yuklab olish x

Qariyb 3 oy avval yo‘qolgan erkakning murdasi kanaldan mashina ruliga zanjirband qilingan holda topildi

Joriy yilning 17 aprel kuni Xazorasp tumanida istiqomat qiluvchi fuqaro T.Q.ning bedarak yo‘qolgani yuzasidan J.K.ning 97-moddasi 1-qismi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan.

Ma’lum qilinishicha, Xazorasp tumani Temirchi mahallasi, Bazm ko‘chasi, 15-uyda yashovchi, 1988 yilda tug‘ilgan T.Q. 27 mart kuni soat taxminan 10:00 larda otasining nomida bo‘lgan «Tiko» avtomashinasini boshqarib, yashash uyidan chiqib ketib, qaytib kelmasdan bedarak yo‘qolgan.

Mazkur jinoyat ishi bo‘yicha olib borilgan tergov-tezkor harakatlar davomida to‘plangan dalillarga ko‘ra, T.Q. 27 mart kuni bir necha marotaba «Toshsaqa» kanalining Xazorasp tumani Amudaryo mahallasi hududidagi «Chap qirg‘oq» suv taqsimlash inshooti atrofida bo‘lganligi aniqlangan.

Shuningdek, T.Q. foydalanuvida bo‘lgan telefon raqami so‘nggi marotaba shu kuni soat 21:41 da «Chap qirg‘oq» suv taqsimlash inshooti oldida bo‘lganligi aniqlangan.

Shu sababli, T.Q. mazkur «Toshsaqa» kanalining «Chap qirg‘oq» suv taqsimlash inshooti atrofida suvga cho‘kib vafot etgan bo‘lishi mumkinligi inobatga olinib, 4 iyun kuni «Chap qirg‘oq» suv taqsimlash inshooti hududida suv to‘silib, IIB va maxsus qutqaruv xizmati xodimlaridan iborat guruh tomonidan kanalda qidiruv ishlari olib borilgan.

Natijada kanaldagi suvdan «Tiko» mashinasi va uning haydovchi o‘rindig‘ida fuqaro T.Q. bo‘ynidan zanjir bilan avtomashinaning rul qismiga qulflangan holdagi murdasi topilgan.

Hodisa joyiga viloyat prokurorining birinchi o‘rinbosari O.Shamuratov va viloyat IIB boshlig‘ining birinchi o‘rinbosari T.Kazakovlar boshchiligidagi tergov-tezkor guruhi chiqib, videotasvirga olingan holda ko‘zdan kechirgan.

Murda tashqi ko‘zdan kechirilganda va ekspertizada uning badanida biron-bir jarohat izlari aniqlanmagan.

Hozirda T.Q.ning o‘lim sabablarini aniqlash bo‘yicha sud-tibbiy ekspertizasi tayinlanib, tergov harakatlari olib borilmoqda. Bu Bosh prokuratura jamoatchilik bilan aloqalar va huquqiy axborot bo‘limi boshlig‘i Hayot Shamsutdinov ma’lum qildi.