Android qurilmalar uchun Zarnews.uz mobil ilovasi. Yuklab olish x

Qasim-Jomart Toqayev o‘zining ilk davlat tashrifini O‘zbekistonga amalga oshiradi

Qozog‘istonning yangi prezidenti Qasim-Jomart Toqayev 14 aprel kuni ikki kunlik davlat tashrifi bilan O‘zbekistonga keladi. Bu uning ilk davlat (va ikkinchi xorijiy) tashrifi. Qasim-Jomart Toqayevning ilk xorijiy tashrifi Rossiyaga aprel boshida bo‘lgan.

Qo‘yida minbar.uz davlat tashriflarining turlari haqida batafsil ma’lumot beribdi.

Tashriflarning tasnifi: har bir mamlakat ichki qonunchiligi va milliy an’analariga qarab, o‘z tashriflar tasnifiga ega. Lekin, nufuziga qarab, tashriflarning quyidagi turlari barcha mamlakatlarga xos:

1. Davlat tashrifi
2. Rasmiy tashrif
3. Ishchi tashrif
4. "Galstuklarsiz" uchrashuv
5. Norasmiy tashrif
6. Yo‘l-yo‘lakay tashrif

Delegatsiya yoki arbobning yubiley tadbirlari yoki boshqa tantanalar munosabati bilan tashrifi.

Davlat tashrifi – ikki davlat o‘rtasidagi munosabatlarning eng oliy shakli bo‘lib, bir necha jihatlari bilan farqlanadi:

1. Tashrif har bir prezident, bosh vazir (real hokimiyatga ega bo‘lsa), parlament raisi (agar u davlat rahbari sanalsa), monarx tomonidan faqat bir marta amalga oshiriladi. Agar davlat rahbari lavozimiga qayta saylansa ham, unga ikkinchi davlat tashrifi berilmaydi.
2. Bu tanishuv tashrifi bo‘lib, uning doirasida oliy darajadagi personalar o‘rtasida alohida ishonchli va shaxsiy munosabatlar o‘rnatiladi, har holda ular bundan buyog‘iga birgalikda ishlashlariga to‘g‘ri keladi.
3. Boshqa tashriflarga qaraganda ko‘proq tadbir va marosimlarda ishtirok etishga to‘g‘ri keladi;
davlat rahbarini vazirlar, parlament qo‘mita raislari, viloyat rahbarlari (agar shunga ehtiyoj bo‘lsa) va tijorat tuzilmalari vakillaridan hamda prezidentning rafiqasidan iborat katta delegatsiya kuzatib boradi.
4. Hujjatlar paketi imzolanadi, ularning orasida alohida ahamiyatga ega bo‘lgan hamda davlat rahbarlari o‘rtasida shaxsiy va davlat munosabatlarini o‘rnatuvchi memorandum imzolanadi.

"Tor va kengaytirilgan tarkibda o‘tkazilishi rejalashtirilgan muzokaralarda ikki tomonlama do‘stlik, yaxshi qo‘shnichilik va strategik sheriklik munosabatlarini yanada kengaytirish istiqbollari muhokama qilinadi, siyosat, savdo-iqtisodiyot, investitsiyalar, transport-kommunikatsiya, madaniy-gumanitar va boshqa sohalardagi o‘zaro hamkorlikning ustuvor yo‘nalishlari ko‘rib chiqiladi", – deb izohlaydi tashrifdan maqsadni O‘zbekiston prezidentining matbuot xizmati.

Davlat rahbarlarining Qo‘shma bayonoti qabul qilinishi, ikki tomonlama hujjatlar to‘plami imzolanishi ko‘zda tutilgan.

Prezidentlar O‘zbekistonda Qozog‘iston yilining rasmiy ochilish marosimida ham ishtirok etadilar.