Android qurilmalar uchun Zarnews.uz mobil ilovasi. Yuklab olish x

Qatag‘on qurboni bo‘lgan vatandoshlarimizning nomi tiklanadi, ular haqida kitoblar chop etiladi

Yoshlarni ota-bobolarimiz xotirasiga hurmat ruhida tarbiyalash, ularning jasorati va ibratli faoliyatini targ‘ib etish har birimizning burchimizdir. Prezidentimizning “Qatag‘on qurbonlarining merosini yanada chuqur o‘rganish va ular xotirasini abadiylashtirishga doir qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi farmoyishi bilan qatag‘on qurbonlarining nomlarini tiklash va xotirasini abadiylashtirish bo‘yicha joylarda “Yo‘l xaritasi” tuzildi. Unga ko‘ra, Qoraqalpog‘iston Respublikasi va viloyatlardan olim va mutaxassislardan iborat ilmiy ishchi guruhlar tashkil etildi. Xususan, Samarqand viloyatida ham 35 nafar olim va mutaxassislardan iborat ishchi guruh tuzildi.

Ilmiy-ishchi guruhga davlat muzeyi hamda hududlardagi oliy ta’lim muassasalaridagi muzeylar, vazirlik va idoralarning idoraviy arxivlaridan foydalanish imkoniyati yaratildi.

Shuningdek, ular qatag‘on qurboni bo‘lgan yurtdoshlarimizning avlodlari va yaqinlari, o‘sha davr voqealarini chuqur biladigan kishilarning xotiralarini yozib olib, oilaviy arxiv va kutubxonalarda saqlanayotgan tarixiy materiallarni, noyob suratlarni to‘playdi.

Bundan tashqari, ilmiy-ishchi guruh shahid bo‘lgan yurtdoshlarimiz nomini abadiylashtirish va kelgusi avlodlarga yetkazish maqsadida hududlar kesimida ular haqidagi ko‘p jildlik “Qatag‘on qurbonlari” xotira kitoblarini nashrga tayyorlaydi.