Android qurilmalar uchun Zarnews.uz mobil ilovasi. Yuklab olish x

Qirg‘iziston Bosh vaziri mehnat ta’tilidagi barcha tibbiy xodimlarni ish joyiga qaytarish bo‘yicha topshiriq berdi

Qirg‘iziston Bosh vaziri mamlakatda COVID-19 infeksiyasiga chalinganlar soni keskin ko‘payib borayotganligi sababli, mehnat ta’tiliga chiqarilgan barcha tibbiy xodimlarni ish joyiga qaytarish bo‘yicha topshiriq berdi. Bu haqda 8 iyul kuni mamlakat hukumati matbuot xizmati xabar berdi.

“Mehnat ta’tiliga chiqarilgan barcha tibbiy xodimlarni ish joyiga qaytarish zarur. Qirg‘iziston Respublikasi Bosh vaziri Qubatbek Boronov Respublika tezkor shtabining navbatdagi yig‘ilishida shunday topshiriq berdi”, deya ta’kidlandi matbuot xizmati xabarida.

Vazirning so‘zlariga ko‘ra, respublikadagi epidemiologik vaziyat yanada qat’iy choralar ko‘rilishini talab etmoqda.

“Umid qilamizki, shifokorlar iltimosimizni to‘g‘ri tushunadi va tez kunlarda ularni ish o‘rinlarida ko‘ramiz. Ayni vaqtda Bishkek shahri va Chuy viloyatida kasallik xuruji kuzatilmoqda. Tibbiy xodimlar odamlar hayotini saqlab qolish uchun kechayu-kunduz og‘ir sharoitlarda ishlamoqda. Bu kurashga yordam berish uchun tumanlardagi shifokorlar ham ko‘ngilli bo‘lib kelishdi. Hatto mamlakatdan tashqarida yashovchi tibbiy xodimlar ham chetda qolmadi. Biroq viloyatlardagi aholi ham malakali tibbiy yordamga muhtoj. Shu sabali, barcha mehnat ta’tiliga chiqarilgan sog‘liqni saqlash xodimlarini xizmatiga qaytishga chaqiraman. Hozirgi vaziyat shuni talab etmoqda”, deb ta’kidladi hukumat rahbari.

Qirg‘iziston Sog‘liqni saqlash vazirligi taqdim etgan ma’lumotga ko‘ra, bugungi kunga kelib mamlakatda koronavirus infeksiyasiga chalinganlar soni 8 279 nafarga yetgan, 112 nafar o‘lim holati qayd etilgan va 2 983 nafar bemor tuzalgan.