Android qurilmalar uchun Zarnews.uz mobil ilovasi. Yuklab olish x

Qoidani buzgan xorijiy avtotransport vositalari egalaridan jarimalar ular respublika hududidan chiqib ketayotganda bojxona organlari tomonidan undirilishi mumkin

2020 yil 25 fevral kuni O‘zbekiston Respublikasi Normativ-huquqiy hujjatlar loyihalari muhokamasi portalida Vazirlar Mahkamasining “Xorijiy avtotransport vositalarining yo‘l harakati qoidalariga amal qilishi ustidan nazorat o‘rnatish tizimini yanada takomillashtirish to‘g‘risida”gi qarori loyihasi e’lon qilindi.

Loyiha Davlat bojxona qo‘mitasi tomonidan tayyorlangan bo‘lib, undan ko‘zlangan maqsad O‘zbekiston Respublikasi hududida xorijiy avtotransport vositalarining yo‘l harakati qoidalariga amal qilishi ustidan nazorat o‘rnatish tizimini yanada takomillashtirish, shuningdek, xorijiy avtotransport vositalarida yo‘l harakati qoidalari buzilganlik uchun belgilangan jarimalarni o‘z vaqtida va to‘liq Davlat byudjetiga undirilishini ta’minlashga qaratilgan.

Loyihaga ko‘ra, O‘zbekiston Respublikasi hududida yo‘l harakati xavfsizligi qoidalarini buzgan xorijiy avtotransport vositalaridan tegishli jarimalarni ichki ishlar organlari tomonidan onlayn taqdim etilgan ma’lumotlar asosida, ushbu avtotransport vositalari respublika hududidan chiqib ketayotganda bojxona organlari tomonidan undirish mexanizmi joriy etilishi mumkin.

Davlat bojxona qo‘mitasiga respublika hududida yo‘l harakati xavfsizligi qoidalarini buzganligi bo‘yicha to‘lanmagan jarimalarni avtotransport vositalari respublika hududidan chiqib ketayotganda undirib olish, to‘lanmagan taqdirda jarima summasi to‘liq undirilgunga qadar avtotransport vositasini davlat bojxona xizmatining hududiy organi yoki bojxona posti tomonidan belgilanadigan joylarda vaqtincha saqlovga olish huquqi beriladi.

Ichki ishlar vazirligi Davlat bojxona qo‘mitasi bilan birgalikda O‘zbekiston Respublikasi hududida vaqtincha bo‘lib turgan hamda respublika hududi bo‘ylab tranzit o‘tayotgan xorijiy avtotransport vositalari respublika hududida yo‘l harakati qoidalarini buzganligini ular bojxona chegarasini kesib o‘tishida real vaqt rejimida aniqlash maqsadida Ichki ishlar vazirligining maxsus avtomatlashtirilgan foto va videofiksatsiya ma’lumotlar bazasini Davlat bojxona qo‘mitasi ma’lumotlar bazasi bilan integratsiyalashtiradi.

Ikki oy muddatda esa respublika hududida yo‘l harakati xavfsizligi qoidalarini buzgan xorijiy avtotransport vositalaridan jarima summalarini bojxona organi tomonidan undirish tartibi ishlab chiqiladi va tasdiqlanadi.

Loyihaga ko‘ra, Davlat bojxona qo‘mitasi Ichki ishlar vazirligi tomonidan taqdim etilgan ma’lumotlar asosida yo‘l harakati xavfsizligi qoidalarini buzgan xorijiy avtotransport vositalaridan to‘lanmagan jarimalarni ushbu avtotransport vositalari respublika hududidan chiqib ketayotganda undirib olish choralarini ko‘radi. O‘zbekiston Respublikasida akkreditatsiya qilingan xorijiy davlatlar diplomatik vakolatxonalari va konsullik muassasalarining, shuningdek, ularga tenglashtirilgan tashkilotlarning avtotransport vositalari bundan mustasno.

Chegara bojxona postlarini zamonaviy kameralar, xususan, “Avtotransport vositalari raqamlarini aniqlash tizimi” va dasturiy ta’minotlar bilan ta’minlanadi hamda ushbu texnik vositalarni yangilab borish, axborot tizimlarini doimiy ishlab turishi bo‘yicha tegishli chora-tadbirlar belgilanadi.

Mazkur qaror loyihasi yuzasidan muhokamalar 2020 yil 11 martga qadar davom etadi.

Samarqand viloyati bojxona boshqarmasi axborot xizmati.