Android qurilmalar uchun Zarnews.uz mobil ilovasi. Yuklab olish x

Qo‘shrabotliklar endi osmonga qarab o‘tirmaydi. Bunga yetarlicha asos bor

Xalq deputatlari viloyat Kengashining yigirma beshinchi sessiyasida hisobot bergan tuman hokimi H.Oqbo‘tayevning fikri shunday bo‘ldi.

U o‘z fikrlarini quyidagicha asosladi:

Birinchidan, tumanni 2021-2022 yillarda kompleks rivojlantirish dasturi doirasida qiymati 416 milliard so‘mlik 792 ta yangi ish o‘rinlari yaratilishi ko‘zda tutilgan 274 ta yangi loyihalar shakllantirilgan.

Jumladan:

- sanoat sohasida 88,3 milliard so‘mlik 24 ta loyihada 132 ta;

- xizmat ko‘rsatishda 102,2 milliard so‘mlik 80 ta loyihada 290 ta;

- qishloq xo‘jaligida 225,6 milliard so‘mlik 170 ta loyihada 370 ta yangi ish o‘rni yaratiladi.

Hozirda yana yangi loyihalar shakllantirilmokda.

Misol uchun, joriy yilda tumanda “Qo‘shrabot Lomann parranda” MChJ tomonidan Germaniya texnologiyasi asosida 24 million dona tuxum, 10 million bosh 1 kunlik jo‘ja, 80 tonna parhezbop parranda go‘shti olishga mo‘ljallangan “Zamonaviy parrandachilik klasteri” loyihasi ishga tushirilishi belgilangan.

Qiymati 30 milliard so‘mlik loyiha doirasida 50 ta yangi ish o‘rni yaratiladi. Hozirgi kunda qurilish maydoni tayyorlanmoqda.

Ikkinchidan, joriy yilda 2,6 million dollarlik mahsulotlar eksporti amalga oshiriladi. Bunda, 15 ming dollarlik sanoat hamda 2,6 ming dollarlik meva-sabzavot mahsulotlari xorijlik hamkorlarga yetkazib beriladi.

Uchinchidan, 2,3 million dollarlik 3 ta yangi investitsiya loyihasi tasdiqlangan. Qarordan tashqari qo‘shimcha loyihalar hisobidan ham xorijiy investitsiyalarni jalb qilish rejalashtirilgan.

To‘rtinchidan, hududdagi 42 ta mahallaning bugungi kundagi geografik joylashuvi, mavjud tabiiy zaxiralari, aholining tajriba va ko‘nikmalaridan kelib chiqib, har bir mahalla bo‘yicha o‘sish nuqtalari belgilab olingan.

Bunda xatlov natijasida aniqlangan 2 ming 434 nafar doimiy daromadga ega bo‘lmagan fuqaroni kasbga o‘qitish hamda 5 ming 732 nafar tadbirkorlik qilish istagi bor fuqaroga imtiyozli bank kreditlari olishda hamda bo‘sh turgan binolar yoki yer maydonlarini berish orqali tadbirkorlikka jalb etiladi.

Beshinchidan, 18-30 yoshgacha bo‘lgan 3695 nafar ishsiz yoshlarning bandligini ta’minlash maqsadida ularning 412 nafariga yer ajratish, 377 nafarini kasb-hunarga o‘qitish, 743  nafariga imtiyozli kredit mablag‘lari ajratilishi belgilangan. Shuningdek, tumanning Navkat mahallasi hududidan 1 gektar yer maydonida “Yoshlar sanoat zonasi” tashkil qilinmoqda.