Android qurilmalar uchun Zarnews.uz mobil ilovasi. Yuklab olish x

Qozog‘istonga Nazarboyevning qizi prezident bo‘ladimi?

Qozog‘istonda 9 iyun kuni prezidentlik saylovlari bo‘lib o‘tishi kutiladi. Mamlakat mustaqillikni e’lon qilganidan beri bu oltinchi prezidentlik saylovi va ayni damda Nursulton Nazarboyev ishtirok etmaydigan birinchi prezidentlik saylovi bo‘ladi.

78 yoshli Nursulton Nazarboyev o‘tgan mart oyida prezidentlik lavozimidan iste’foga chiqayotganini e’lon qilgandi. Ammo, ko‘pgina tahlilchilarga ko‘ra, bu aslo uning siyosiy sahnadan ketayotganini anglatmaydi.

Muvaqqat prezident vakolatlarini qabul qilib olgan va endilikda saylovlarda g‘olib chiqishi kutilayotgan Qosimjo‘mart To‘qayev Nazarboyev siyosatining davomchisi deb ko‘riladi. To‘qayev shu vaqtgacha Senat spikeri bo‘lib xizmat qilib kelgan.

To‘qayev prezidentlik kursisiga o‘tirishi ortidan uning o‘rnini Nazarboyevning qizi Senator Darig‘a Nazarboyeva egalladi. Siyosiy sahnadagi farazlarga ko‘ra, Nazarboyev alal-oqibat o‘z qizining davlat rahbari bo‘lib ko‘tarilishini rejalagan.

9 iyun saylovlarida muxolifatchi nomzod Amirjon Qosanov ham ishtirok etadi. Ammo, ba’zi saylovchilarga ko‘ra, u ham Nazarboyev "loyiha"sining bir qismi bo‘lishi mumkin. Ayni damda erkin saylovlar talabi bilan norozilik namoyishlari bot-bot o‘tkazilmoqda.