Android qurilmalar uchun Zarnews.uz mobil ilovasi. Yuklab olish x

Qozog‘istonning ijtimoiy-innovatsion universitetida 300 nafar o‘zbekistonlik tahsil olyapti

Samarqand shahrida bo‘lib o‘tgan “Qozog‘iston ta’lim kunlari” ilmiy-ma’rifiy ko‘rgazmasida 12 ta oliy ta’lim muassasasi yo‘nalish va ixtisosliklari bo‘yicha taqdimot o‘tkazdi.

Ikki yildan buyon o‘tkazib kelinayotgan taqdimotda bu gal 5 mingdan ortiq yigit-qizlar ishtirok etib, o‘zlari qiziqqan oliy o‘quv yurti haqida ma’lumot oldi.

– O‘tgan yilgi ko‘rgazmadan so‘ng 300 nafar o‘zbekistonlik bizni universitetga hujjat topshirdi va suhbat asosida o‘qishga qabul qilindi, – deydi Qozog‘istonning Ijtimoiy-innovatsion universiteti prorektori Musabek Aqilboyev. – Uning asosiy qismini Samarqand viloyatidan borgan yoshlar tashkil etadi. O‘ylaymizki, kelgusi o‘quv yilida o‘zbekistonlik yoshlarning yanada ko‘prog‘i bizdagi oliy o‘quv yurtida o‘qish istagini bildiradi.

– Samarqand axborot kommunikatsiya texnologiyalari va sanoat kasb-hunar kollejini bitiryapman, – deydi Zahrobonu Musayeva. – O‘qishni tugatgach, qaysi oliy ta’lim muassasasiga hujjat topshirsam ekan deb ikkilanayotgandim. Bugungi tadbir orqali bu masalaga yechim topganday bo‘ldim. Ma’lumot berishlaricha, o‘zim qiziqqan universitet yoki institutga hujjat topshirishim va masofadan turib o‘qishim mumkin ekan. Ota-onam bilan maslahatlashib, bu imkoniyatdan, albatta, foydalanaman.