Android qurilmalar uchun Zarnews.uz mobil ilovasi. Yuklab olish x

Qrimdan xat: Adham Hayitov safimizda qoladi

Sovuq xabar tildi qalbimni,

Og‘riqlarga chidayin qandoq?!

G‘am ichida yolg‘iz qoldimmi,

Azaliga sabr ber, Alloh!

Hali yaqinda u qo‘ng‘iroq qilib, hol-ahvolimni so‘rab, ijodiy yutuqlar tilab, meni mamnun etgan edi. Bugun esa oramizda yo‘q. Nima ham derdik, biz Xudoning ojiz qullarimiz. U berganini istagan vaqtda oladi. Inson shuni hisobga olib, umrining har bir onini qadrlashi, uni o‘ziga, oilasiga, yaqinlariga, xalqiga, Vataniga foyda keltiradigan ishlarga sarflashi lozim.

Adham Hayitov shunday insonlardan edi. Ko‘p yillar davomida men bilan yonma-yon odim tashladi. Aytganlarimni tez ilg‘ab olib, intildi. Natijada, mehribon oilaboshi bo‘lish bilan birga «Zarafshon»ni jo‘shtirib turgan jurnalistlar qatoridan o‘rin oldi.

Shuni ta’kidlash kerakki, Adham sog‘lig‘idan shikoyat qilganini, kasallanib ishga chiqmay qolganini hecham eslay olmayman. Meni ko‘pchilik g‘oyat yumshoq tabiatli inson sifatida biladi. Adhamning tabiati menikidan ham yumshoq edi. U kim bilandir gaplashar ekan, qizishib ketganini sezmaganman, ovozini ko‘targanini eshitmaganman. Bu – yaxshi muhit, yaxshi tarbiyaning natijasi.

«Yo‘q», «edi» deb aytishni tilim istamaydi, yozishni – qalamim. Ming afsuski, do‘stimiz, qadrdonimiz Adham Hayitovni endi ko‘rolmaymiz. Ammo u qalbimizda, xotiramizda, yozgan satrlarida, gazeta, kitob sahifalarida yashaydi.

Iso ABDURAHMONOV,

O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan jurnalist, Simferopol.

***

O‘tgan asrning 90-yillari boshida olingan ushbu suratda Adham Hayitov (chapdan ikkinchi) va Iso Abdurahmonov (o‘ngdan ikkinchi) tahririyatning navbatdagi ijodiy kengashida.