Android qurilmalar uchun Zarnews.uz mobil ilovasi. Yuklab olish x

Raqs davrada yelkani qimirlatib turish emas. Unda iste’dod, his-tuyg‘ular, san’at mujassam

Raqs -  san’at.  Bu san’at tuyg‘ularni harakat va holatlarda, imo-ishoralarda ifodalaydiki, hayratlanmay iloj yo‘q. Oddiy harakatlarga jon baxsh etib, badiiy obraz yaratish orqali raqs asari yaraladi.

“Qishloq qizi raqs tushishi mumkin emas”

Otam shifokor, onam o‘qituvchi. Raqqosa bo‘lib kamol topishimda onamning o‘rni katta. Bolaligimda qishlog‘imizda faqat bizning uyimizda televizor bo‘lardi. Qo‘shnilarimiz har kechga yig‘ilib, teledasturlar tomosha qilardi. Agar qo‘shiq bo‘lib qolsa bormi, darhol raqsga tushishdan o‘zimni tiya olmasdim. Onam mendagi iste’dodni sezib, Juma shahri madaniyat uyiga raqs to‘garagiga berdi. U yerda Zamira opa Mirzayevadan raqs sirlarini o‘rgandim. Onam dadam va akamdan yashirib, tanlovlarga olib borardi. 9-sinfda Mukarrama Turg‘unboyeva nomli raqs ko‘rik-tanlovining  viloyat bosqichida birinchi o‘rinni egallab, Samarqand san’at texnikumiga imtihonsiz o‘qishga qabul qilindim. Ammo...

Texnikumda bor-yo‘g‘i bir hafta o‘qidim. U vaqtlar raqs, raqqosalar haqida odamlarning, ayniqsa qishloq odamlarining fikri o‘zgacha edi. Akam avlodimizda raqqosalar bo‘lmagan deb, o‘qishga ruxsat bermadi. Amma-xolalarim ham bunga qarshilik qilishdi. Yig‘lab, yana qishlog‘imga qaytdim.

Baribir raqqosa bo‘laman...

Maqsad sari doim olg‘a qadam tashlash kerak, deya onam mendagi istak so‘nishiga yo‘l qo‘ymasdi. Qarshiliklarga qaramay O‘zbekiston xoreografiya oliy maktabiga hujjat topshirish uchun bordim.  Oliy maktabda san’atga ixtisoslashgan maktablarni bitirgan o‘quvchilar qabul qilinar ekan. Qabul komissiyasida o‘tirgan Qunduz Mirkarimova, Yulduz Ismatova, Guli Hamroyeva, Erkinoy Saidova kabi ustoz-raqqosalar mendagi iste’dodni ko‘rib, Madaniyat vazirligiga xat qilishini aytdi. Va men professional raqs sirlarini o‘rganish uchun oliy maktabga qabul qilindim.

2007 yil o‘qishni tugatib, Samarqand ixtisoslashgan san’at maktabida ishlay boshladim. 2008 yilda viloyat hokimi tashabbusi bilan Samarqandda ilk “Sug‘diyona” milliy raqs ansambli tashkil etildi. Unga Sirdaryodan baletmeyster Oysha Aytbagambetovani shartnoma asosida ishlashga taklif etdik. U kishi bilan birga ko‘plab musiqiy asarlarga raqs sahnalashtirdik. Televizor va katta sahnadagi ijrolarimni ko‘rib, hamqishloqlarim ham raqs san’atiga bo‘lgan munosabatini o‘zgartirdi. Hatto, raqs sirlarini o‘rgatish uchun farzandlarini oldimga olib kelishardi.  Raqs – so‘zsiz ijro, his tuyg‘ular ekanligini, kishilar raqsni tomosha qilib hayotni anglashini ijrolarimda ko‘rsatdim.

Samarqandda ham raqs maktabi tashkil etish kerak

Bugun viloyatimizda bor-yo‘g‘i ikkita raqs ansambli faoliyat yuritadi. Biri 2015 yilda Samarqand san’at kolleji qoshida 22 kishidan iborat tashkil qilingan “Afrosiyob” raqs to‘garagi bo‘lsa, ikkinchisi O‘zbekiston davlat filarmoniyasi viloyat bo‘limi qoshidagi  “Tamanno” raqs ansambli. Menimcha, bizda ham raqs maktablarini tashkil etish vaqti keldi. Bunday deyishimga sabab bor. Oldingi yillar kollejimizga 4 o‘quvchi raqs san’atini o‘rganish uchun kelgan bo‘lsa, so‘nggi ikki-uch yilda ular soni 12 nafardan oshdi. Ota-onalarning o‘zlari farzandini yetaklab, raqs sirlarini o‘rgatishimni iltimos qilib kelishyapti. Demak, bugun odamlarning fikri o‘zgardi. Raqs maktablari orqali esa, professional raqqosalarni tayyorlashimiz, tadbirlarni o‘tkazishda ular imkoniyatidan foydalanishimiz mumkin. Shuningdek, chet ellik sayyohlarda milliy raqs san’atimizni namoyish qilish imkoniyati ham tug‘iladi.

Raqs nafaqat san’at, balki salomatlik degani ham

3-son bolalar musiqa va san’at maktabida “Afrosiyob” bolalar raqs dastasini  ham tashkil etganman. 3 yoshdan 18 yoshgacha bo‘lgan bolalar raqsga tushishni o‘rganadi. Aksariyat ota-onalar bolalari salomatligini mustahkamlash uchun ularni to‘garakka olib keladi. Mashg‘ulotlarni besh usulda olib boraman: gimnastika, klassika, yoga, doira va raqs. Raqs harakatlari qomatni chiroyli qiladi, bo‘g‘in va suyak kasalliklarini davolashda foydali. Kayfiyatni ko‘tarishda ham raqsga teng keladigani yo‘q. Bolalarning ota-onalari ham mashg‘ulotlarni kuzatish jarayonida ularning kayfiyati ko‘tarilganligini alohida ta’kidlashadi.

Charos IBRAGIMOVA,

Samarqand ixtisoslashtirilgan san’at maktabi o‘zbek raqsi bo‘limi o‘qituvchisi.