Android qurilmalar uchun Zarnews.uz mobil ilovasi. Yuklab olish x

Rasul Kusherbayev: Fuqarolar, siz talab qiling! Mas’ullar, siz qonunni hurmat qiling!

Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputati Rasul Kusherbayev yana "snos" masalalarida fuqarolarning qonuniy huquqlarini talab qilishi haqida gapirdi.

"Agar siz qaysidir hokimlik yoki boshqa ma’muriy organning qaroriga asosan uy-joy, imorat, bino qurish uchun yer olgan bo‘lsangizu, lekin keyinchalik bu yer kimlardir tomonidan noqonuniy, o‘zboshimcha egallab olingan, deb buzish talab qilinsa, buzmang.

Chunki qonun sizning ishonchingizni himoya qiladi. Ko‘pincha hokim ketib o‘rniga yangi hokim kelsa, shunday bo‘ladi.

“Ma’muriy tartib-taomillar to‘g‘risida”gi Qonunning 59-moddasida “Agar manfaatdor shaxs (bu o‘rinda fuqaro, muallif tahriri) ma’muriy hujjatning qonuniy kuchiga ishonib, ma’muriy hujjat asosida olingan mol-mulkdan foydalangan, o‘z mulkini tasarruf etish uchun bitim tuzgan yoki ma’muriy hujjatda belgilangan naf va imtiyozlardan boshqacha tarzda foydalangan bo‘lsa, uning ishonchi himoya qilinishi lozim”, deb belgilab qo‘yilgan.

Shuningdek, ushbu qonunning 16-moddasida “Vijdonan harakat qiluvchi manfaatdor shaxslarning ma’muriy hujjatga bo‘lgan ishonchi qonun bilan qo‘riqlanadi”, deya kafolatlangan.

Zo‘ravon mas’ullar, xalqni qiynab medal olgandan ko‘ra, adolat qiling!

Qonunning ushbu talablaridan kelib chiqsak, sizning manfaatingiz uchun xizmat qiladigan bunday hujjatlar qaysidir "osmondan tushgan zo‘ravon"ning xohishiga ko‘ra, bekor qilinishi mumkin emas.

Bu tartib yer olib halol va vijdonan dehqonchilik qilayotgan fermer va dehqonlarimizning yerlarini "zo‘ravonlik" bilan olib qo‘yish bo‘yicha qarorlar qabul qilinishiga ham tegishli. Bunday qarorlar qabul qilinishi mumkin emas. Hatto Hukumat tomonidan ham.

Fuqarolar, siz talab qiling! Mas’ullar, siz qonunni hurmat qiling!", deb yozdi Rasul Kusherbayev.