Android qurilmalar uchun Zarnews.uz mobil ilovasi. Yuklab olish x

Rossiyadagi ish beruvchi tashkilotning 13 iyul kuni o‘zbekistonlik mehnat migrantlari ishtirokida yuz bergan tartibsizliklarga aloqasi yo‘q

Joriy yilning 31 iyul kuni 144 nafar fuqaro tashkillashtirilgan holda Rossiyaning Amur viloyatidagi gazni qayta ishlash zavodi qurilishida ishlash uchun charter reys orqali uchib ketgani xabar qilingan edi.

Ba’zi ijtimoiy tarmoq foydalanuvchilari tomonidan ushbu fuqarolar Rossiyaning mazkur hududida iyul oyida o‘zbekistonlik mehnat migrantlari ishtirokida tartibsizliklar yuz bergan tashkilotga jo‘natilgani haqida izohlar bildirilmoqda.

Ta’kidlash joizki, bugungi inqirozli davrda xorijda yoki mamlakatning o‘zida fuqarolarni ish bilan ta’minlash, yurtdoshlarimizning daromad olishi uchun imkoniyat yaratishga qaratilgan har qanday xatti-harakat qadrlash va qo‘llab-quvvatlashga loyiqdir.

O‘zbekiston Respublikasining qator mas’ul tashkilotlari sa’y-harakatlari bilan erishilgan kelishuvga muvofiq "labor migration" dasturiy majmuasida ro‘yxatdan o‘tgan fuqarolarimiz Amur viloyatidagi gazni qayta ishlash zavodi qurilishida ishlash uchun jo‘natilgan. Ularning Rossiyada ishlashi doimiy monitoring qilib boriladi. Ish beruvchi tashkilotning esa 13 iyul kuni o‘zbekistonlik mehnat migrantlari ishtirokida tartibsizliklar yuz bergan tashkilotga aloqasi yo‘q.

Shuningdek, Amur viloyati Svobodniy tumanidagi "Renaissance Heavy Industries" kompaniyasiga tegishli vaqtinchalik vaxta shaharchasida O‘zbekiston Respublikasi fuqarolari ishtirokida yuz bergan hodisa O‘zbekistonning Rossiyadagi elchixonasi tomonidan nazoratga olingani, mazkur masala bo‘yicha Rossiya Federatsiyasi Ichki ishlar vazirligi va boshqa vakolatli organlari bilan muloqot boshlangani ma’lum qilingan edi.

31 iyul kuni jo‘nab ketgan 144 nafar hamyurtlarimizning O‘zbekistondan samolyotda uchib borish, yashash, patent va boshqa xarajatlari ish beruvchi tomonidan to‘lab berilishi, shuningdek, ularning oylik ish haqi o‘rtacha 40-60 ming rublni tashkil etishi belgilangan.

Shu o‘rinda ijtimoiy tarmoq foydalanuvchilaridan turli asossiz ma’lumotlarni tarqatmasliklarini, ishonchsiz axborotlar bilan odamlarni chalg‘itmasliklarini so‘raymiz, deyiladi Tashqi mehnat migratsiyasi agentligi axborot xizmati bayonotida.

Tashqi mehnat migratsiyasi agentligi o‘z faoliyati bilan bog‘liq har qanday masala yuzasidan jamoatchilik uchun ochiqlikni ta’minlashga tayyor.

Shu bilan birga, xorijdagi mehnat migrantlarini har tomonlama qo‘llab-quvvatlash, chet elda ishlash istagidagi yurtdoshlarimizni xavfsiz, tartibli va qonuniy tarzda ishga jalb qilish borasidagi ishlarini davom ettiradi.