Android qurilmalar uchun Zarnews.uz mobil ilovasi. Yuklab olish x

Rus shohlariga nisbatan qo‘llanilgan “Oq poshsho” atamasi qayerdan paydo bo‘lgan?

Rusning birinchi shohi Ioann IVni, Rossiyada “Grozniy” (g‘azabli, dahshatli), deb atashadi. G‘arb mamlakatlarida uning shafqatsizligi haqida turli afsona va rivoyatlar mavjud. Bu o‘rinda, Ivan Vasilevich o‘z taxallusini haqli tarzda olganiga shubha yo‘q.

Biroq Ural, Sibir, Markaziy Osiyo va Mo‘g‘ulistongacha bo‘lgan hududni egallagan Sharq mamlakatlarida Ivan Grozniyni va undan keyingi rus shohlarini “Oq poshsho”, deb atashgan. Jumladan, hozirgi kungacha O‘zbekiston hududida Rossiyaning tarixiy shohlariga nisbatan “Oq poshsho” (Aleksandr I, Nikolay II va boshqa rus shohlari) atamasi qo‘llaniladi. Xo‘sh, bunday atama qayerdan paydo bo‘lgan?

Tarixdan ma’lumki, Moskva knyazi Ivan Vasilevich Grozniy shoh maqomini qabul qilib, Rossiyaning birinchi hukmroni bo‘lgan. Rossiyaga shoh maqomi Vizantiyadan kirib kelgan (“sar” - lotincha “sesar”, “sezar” so‘zlaridan olingan). Vizantiyada pravoslav imperiyasi (Kiyev knyazliklari) hukmronlarini aynan “sesar”, deb atashgan.

Ivan Grozniy 1552 yilda Qozon xonligini zabt etib, Oltin O‘rda saltanatining so‘nggi “parchasini” to‘liq yo‘q qilganidan keyin uning shoh maqomiga loyiqligiga Sharq xalqlarida hech qanday shubha qolmadi. Bundan tashqari, Grozniy ona tomondan Chingizxonning uzoq avlodi ekanligi, unga shoh maqomi berilishiga zamin bo‘ldi.

Qozon xonligi Moskva davlatiga qo‘shib olingach, Ural va Povolojyaning ko‘plab xalqlari rus shohining qo‘l ostiga o‘tdi – tatarlar, boshqirdlar, chuvashlar va boshqa xalqlar. Keyinchalik rus yerlariga Sibir xonligi, Ashtarxoniylar xonligi hududlari ham qo‘shildi.

Yuqorida ko‘rsatilgan, turkiy xalqlar istiqomat qiladigan o‘lkan hududlarda Ivan Grozniyni “Oq poshsho (podsho, shoh)”, deya ataldi. Chunki u Oltin O‘rda vorisi edi. G‘arbdan – Moskvadan turib davlatni boshqarardi. Turkiy xalqlarda qadimdan dunyo tomonlari rang ramzlari bilan ifodalangan. Unga ko‘ra, sharq – ko‘k, janub – qizil, shimol – qora va g‘arb – oq rang bilan ifodalangan. Ya’ni, oq podsho yoki g‘arbdagi shoh, g‘arbiy shoh tushunchasini bergan. Shu tariqa “oq poshsho” iborasi, Sharq xalqlari tomonidan barcha rus shohlariga nisbatan qo‘llaniladigan bo‘ldi.

Bekzod MUSURMONOV tayyorladi.