Android qurilmalar uchun Zarnews.uz mobil ilovasi. Yuklab olish x

Saida Mirziyoyeva: O‘zbekistonda matbuot xizmatlari faoliyati sust darajada. Bu asossiz mish-mish va uydirmalar paydo bo‘lishiga olib kelmoqda

Davlat organlari matbuot xizmatlari faoliyati jurnalistlar tomonidan tez-tez ko‘tarilmoqda va bu mavzu axborot sohasi uchun muhim ahamiyatga ega.

Prezident Administratsiyasi huzuridagi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi direktori o‘rinbosari Saida Mirziyoyeva Facebook’dagi sahifasida shu haqda fikr bildirgan.

«Mutaxassislarning bu boradagi fikrlari va xorijiy amaliyotni o‘rganib, mamlakatimiz vazirlik va idoralari matbuot xizmatlarining faoliyati, afsuski, sust darajada qolayotganini qayd etishga majburmiz.

Matbuot xizmatlarining ishi sustligi va ko‘pgina davlat organlari rahbarlari OAV bilan muloqot qilish zaruriyatini anglab yetmagani oqibatida mamlakatimiz aholisining islohotlar borishi to‘g‘risida xabardorligi past, ularni yetarli darajada idrok etmayapti hamda Prezident va hukumat tomonidan qabul qilinayotgan qarorlarning mohiyati va tafsilotlarini to‘laligicha anglamayapti. Davlatimiz tomonidan oshirilayotgan keng miqyosli ishlar mamlakat ichida ham, xorijda ham yetarli darajada yoritilmay, sezilmay qolmoqda», — deydi Saida Mirziyoyeva.

Saida Mirziyoyevaga ko‘ra, bunday vaziyat tekshirilmagan axborot, asossiz mish-mish va uydirmalarning paydo bo‘lishiga olib kelmoqda, ular keng tarqalib, matbuot xizmatlari tomonidan munosabatsiz qoldirilgan bir sharoitda aholi o‘rtasida tushunmovchilik va norozilik keltirib chiqarishi mumkin.

Vaziyat matbuot xizmatlari kadrlar salohiyati cheklangani, ularning moddiy-texnik jihozlanishi va xodimlar malakasining darajasi pastligi bilan yanada keskinlashmoqda.

«Ko‘rib turganingizdek, oldimizda turgan muammo jiddiy va keng qamrovli. O‘ylaymanki, bu amaldagi hujjatlarga qo‘shimcha ravishda kompleksli normativ-huquqiy hujjat ishlab chiqish va qabul qilishni taqozo etadi.

Xususan, matbuot xizmatlarining davlat organlari va jamiyat o‘rtasidagi ishonchli ko‘prik sifatida samarali faoliyatini ta’minlash, matbuot kotibi mavqeini oshirish, muntazam ravishda malaka oshirish kurslarini tashkil etish lozim va hokazo.

Biz bu boradagi ishlarni boshlaganmiz. Jumladan, tegishli takliflar ishlab chiqish va normativ-huquqiy hujjatni tayyorlash bo‘yicha maxsus guruh tuzilgan», — deya ta’kidlagan Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi direktori o‘rinbosari.