Android qurilmalar uchun Zarnews.uz mobil ilovasi. Yuklab olish x

Samarqand viloyati hokimining QARORI

Samarqand viloyatida ko‘chma savdoni amalga oshirishni tartibga solish to‘g‘risida

O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “Tovar bozorlarida savdoni yanada erkinlashtirish va raqobatni rivojlantirish chora-tadbirlari to‘g‘risida” 2018 yil 30 oktyabrdagi PF–5564-son Farmoniga muvofiq, O‘zbekiston Respublikasi Bosh vazirining 2020 yil 9 yanvardagi
(02/1-35-son) topshirig‘i ijrosini ta’minlash hamda viloyatda ko‘chma savdo uchun qulay shart-sharoitlarni yaratish maqsadida QAROR QILAMAN:

  1. Quyidagilar:

Ko‘chma savdoni amalga oshirish tartibi to‘g‘risidagi nizom (keyingi o‘rinlarda - Nizom) 1-ilovaga muvofiq;

“YERELEKTRON” avtomatlashtirilgan axborot tizimi (keyingi o‘rinlarda - “YERELEKTRON” AAT)ga ulanadigan boshqarma va tashkilotlar ro‘yxati 2-ilovaga muvofiq tasdiqlansin.

  1. 2020 yil 15 apreldan boshlab:

ko‘chma savdo tadbirkorlik sub’yektlari tomonidan ko‘chma savdo ob’yektlarining “YER AUKSION” elektron savdo maydonida (keyingi o‘rinlarda – “YER AUKSION” ESM) elektron ro‘yxatdan o‘tkazish orqali amalga oshirilishi;

ko‘chma savdo joyi elektron auksion orqali “YER AUKSION” ESM joylashuv sxemalari doirasida sotilishi ta’minlansin.

  1. Viloyat hokimining o‘rinbosarlari (J.Urakov, A.Shukurov), shahar va tumanlar hokimliklari Nizom talablariga rioya etilishi yuzasidan o‘rnatilgan tartibda nazorat olib borsin.
  2. Viloyat Qurilish bosh boshqarmasi (B.Nazarov), Yer resurslari va davlat kadastri boshqarmasi (S.Hakimov), viloyat “Yermulkkadastr” davlat korxonasi (Sh.Ro‘ziqulov) shahar va tumanlar hokimliklari bir hafta muddatda:

shahar va tumanlar hududida savdo o‘rinlarini ko‘rsatgan holda ko‘chma savdo ob’yektlarining joylashuv sxemalarini tuzish;

joylashuv sxemasiga muvofiq ko‘chma savdo ob’yekti joylashgan
yer maydonini “YER AUKSION” elektron savdo maydonchasi orqali sotuvga chiqarish;

ko‘chma savdo ob’yektlarini joylashtirish bo‘yicha taklif kelib tushgan kundan e’tiboran uch ish kuni ichida taklif etilgan
yer uchastkasini “YER AUKSION” elektron savdo maydonchasiga chiqarilishini ta’minlash;

ro‘yxatga olish yig‘imlari uchun hisob-kitob qilish hamda pul mablag‘larini qaytarish;

tadbirkorlik sub’yektlariga ko‘chma savdo ob’yekti ro‘yxatga olinganini tasdiqlovchi QR-kod (matritsa-shtrix kod) qo‘yilgan elektron hujjatni real vaqt rejimida yuborish vazifalari topshirilsin.

  1. Viloyat Davlat soliq boshqarmasi (Sh.Axmedov) ko‘chma savdo ob’yektlari to‘g‘risidagi ma’lumotlar reyestrini belgilangan tartibda yuritilishini hamda Nizom talablariga rioya qilinishi bo‘yicha monitoring olib borilishini ta’minlasin.
  2. Savdo-sanoat palatasi viloyat hududiy boshqarmasi (Sh.Yuldashev)ga shahar va tumanlar hokimliklari bilan birgalikda Nizomning mazmun va mohiyatini tadbirkorlik sub’yektlariga yetkazish hamda ularni ko‘chma savdoni amalga oshirishga jalb qilish choralarini ko‘rish tavsiya etilsin.
  3. Belgilansinki, ko‘chma savdo ob’yektlarining joylar soni ko‘rsatilgan holdagi joylashuv sxemalarini kelishish, qat’iy elektron shaklda, “YERELEKTRON” AAT orqali unga yer uchastkalari bo‘yicha ma’lumotlar kiritilganidan so‘ng uch ish kunida avtomatlashtirilgan tarzda amalga oshiriladi.
  4. Viloyat hokimining 2016 yil 16 iyuldagi “O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2016 yil 13 iyuldagi “Ko‘chma savdoga ruxsat berish tartibi to‘g‘risidagi Nizomni tasdiqlash haqida”gi 233-sonli qarori to‘g‘risida”gi 205-Q-sonli qarori o‘z kuchini yo‘qotgan deb hisoblansin.
  5. Shahar va tuman hokimliklari manfaatdor boshqarma va idoralar bilan birgalikda o‘zlari qabul qilgan me’yoriy hujjatlarni ikki hafta muddatda ushbu qarorga muvofiqlashtirsin.
  6. Viloyat hokimligi axborot xizmati rahbari-matbuot kotibi (M.Mirzayev), viloyat hokimligi huzuridagi “Axborot-kommunikatsiya texnologiyalarini rivojlantirish markazi” davlat unitar korxonasi (A.Anvarov) mazkur qarorni “Zarafshon” va “Samarkandskiy vestnik” gazetalarida e’lon qilinishini hamda viloyat hokimligining rasmiy
    veb-saytida joylashtirilishini ta’minlasin.
  7. Viloyat axborot va ommaviy kommunikatsiyalar boshqarmasi (M.Ibodullayev), viloyat televideniyesi (M.Ixtiyorov), “Zarafshon” va “Samarkandskiy vestnik” gazetalari birlashgan tahririyati (F.Toshev), “Ovozi Samarqand” gazetasi (B.Raxmanov)ga mazkur qarorning mazmun va mohiyatini ommaviy axborot vositalarida keng yoritib borish tavsiya etilsin.
  8. Ushbu qaror rasmiy e’lon qilingan kundan e’tiboran kuchga kiradi.
  9. Ushbu qarorning ijrosini nazorat qilish viloyat hokimining birinchi o‘rinbosari J.Urakov zimmasiga yuklatilsin.

 

Viloyat hokimi E.Turdimov

2020 yil 24 mart

№39-Q

 Viloyat hokimining
2020 yil
24 martdagi
 
39-son qaroriga
1-ilova

Ko‘chma savdoni amalga oshirish tartibi to‘g‘risida
NIZOM
I bob. Umumiy qoidalar

  1. Mazkur Ko‘chma savdoni amalga oshirish tartibi to‘g‘risida nizom (keyingi o‘rinlarda – Nizom) Samarqand viloyati hududida ko‘chma savdoni amalga oshirish tartibini belgilaydi.
  2. Mazkur Nizom talablari quyidagilarga tatbiq etilmaydi:

bayram va bayramoldi kunlarida savdo xizmati ko‘rsatish yuzasidan yuridik shaxslar bilan tuzilgan shartnomalar asosida ko‘chma savdoni amalga oshirishga;

O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining va O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining qarorlari asosida ko‘rgazma va yarmarka savdosi o‘tkazishga;

meva-sabzavot mahsulotlarini bozorlar va savdo komplekslarida chakana sotishga;

amalga oshirish tartibi O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining va O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining alohida qarorlarida nazarda tutilgan hollarda.

  1. Viloyat hududida ko‘chma savdo qilish huquqi ushbu Nizomda belgilangan tartibga muvofiq ko‘chma savdo ob’yektlarini “YER AUKSION” elektron savdo maydonida (keyingi o‘rinlarda – “YER AUKSION” ESM) elektron ro‘yxatdan o‘tkazgan tadbirkorlik sub’yektlariga beriladi.
  2. Ushbu Nizomda quyidagi asosiy tushunchalardan foydalaniladi:

ko‘chma savdo - ko‘chma savdo ob’yektlaridan foydalangan holda turg‘un savdo shoxobchalaridan tashqarida oziq-ovqat va nooziq-ovqat tovarlari bilan chakana savdo qilish;

ko‘chma savdo ob’yektlari - vaqtinchalik asosda joylashtirilgan va mavsumiy yoki maqsadli xususiyatga ega bo‘lgan, shuningdek ish kuni tamom bo‘lgandan keyin ob’yektni qismlarga ajratish va ko‘chirish talab etiladigan ko‘chma savdo ob’yektlari (lotoklar, peshtaxtalar, savdo aravachalari, palatkalar, avtodo‘konlar, avtotirkamalar, avtotsisternalar, fudtraklar, tonarlar, savdo avtomatlari va boshqa harakatlanuvchi ob’yektlar). Qismlarga ajratish va ko‘chirish talablari savdo avtomatlariga tatbiq etilmaydi.

ko‘chma savdo qilinadigan joy - “YER AUKSION” ESMda ro‘yxatdan o‘tkazishda ko‘rsatilgan ko‘chma savdo ob’yekti hududiy joylashgan joy;

ko‘chma savdo ob’yektining ixtisoslashuvi - sotiladigan tovarlarni tovar guruhlaridan biriga tegishli ekanini ifodalovchi assortiment o‘ziga xoslik;

zakalat - elektron savdolarda ishtirok etish uchun talabgorlar tomonidan boshlang‘ich narxning 20 foizi miqdorida to‘lanadigan mablag‘;

ko‘chma savdo sub’yektlari - tadbirkorlik faoliyati bilan shug‘ullanuvchi hamda ko‘chma savdo amalga oshirish uchun ko‘chma savdo ob’yektlarini o‘rnatilgan tartibda “YER AUKSION” ESMdan ro‘yxatdan o‘tkazgan shaxslar;

vakolatli idora - shahar va tumanlar hokimliklari;

ishtirokchi - elektron auksionda ishtirok etish uchun buyurtma bergan tadbirkorlik sub’yekti;

joylashuv sxemasi - ko‘chma savdo ob’yektlarining dastlab tasdiqlangan joylashtirish joylari;

GPS treker - ko‘chma savdo ob’yektlarining sun’iy yo‘ldosh orqali nazorat qilish uchun, ob’yektni aniq joylashgan joyini aniqlash uchun qotirib qo‘yiladigan ma’lumotlarni qabul qilish-uzatish qurilmasi;

II bob. Ko‘chma savdo amalga oshirishga talablar va shartlar

  1. Ko‘chma savdoni amalga oshirishda quyidagilar majburiy talablar va shartlarga tegishlidir:

chakana savdo sohasidagi qonun hujjatlariga, sanitariya qoidalari va normalariga majburiy rioya qilish;

bank plastik kartochkalar yoki ma’lumotlar almashinish platformalari – virtual kassalardan foydalangan holda to‘lovlarni qabul qilish bo‘yicha nazorat-kassa mashinalari va hisob-kitob terminali mavjudligi;

ko‘chma savdo ob’yektlari yaqinida maishiy chiqindilar uchun urnalarni joylashtirish;

ko‘chma savdo ob’yekti ro‘yxatdan o‘tgan joydagi ob’yektlar orqali tovarlarni realizatsiya qilish.

  1. Ko‘chma savdo ob’yektining ixtisoslashuvi turlari:

non, non va konditer mahsulotlari;

go‘sht va go‘sht mahsulotlari;

sut va sut mahsulotlari;

bir martalik oshxona anjomlari bilan yoki ularsiz tez pishar (tayyorlash) taomlari;

meva-sabzavot va poliz ekinlari, shuningdek quruq mevalar, pista va yong‘oqlar;

muzqaymoqlar, alkogolsiz yaxna va issiq ichimliklar;

oziq-ovqat mahsulotlari;

bosma mahsulotlari;

gullar;

xalq ijodiyoti, san’ati va boshqa hunarmandchilik mahsulotlari;

hunarmandchilik mahsulotlari, suvenirlar, kiyim-kechak, oyoq kiyimlar va yengil sanoat mahsulotlari;

nooziq-ovaqt mahsulotlari.

  1. Quyidagi tovarlar bilan ko‘chma savdo amalga oshirish taqiqlanadi:

texnik murakkab maishiy tovarlari (metalkesuvchi va yog‘ochni qayta ishlovchi maishiy texnikalar, elektromaishiy mashina va uskunalar, maishiy radioelektron apparatura, maishiy hisoblash va ko‘paytirish texnikasi, foto va kinoapparatura, telefon va faksimil apparatlari, elektromusiqa asboblari, elektron o‘yinchoqlar, maishiy gaz uskunalari va qurilmalari);

muzlatish uskunalari mavjud bo‘lmaganida tez buziluvchan tovarlar; bolalar ovqatlari (quruq sut, kukunsimon donli bo‘tqa, ozuqa aralashmalari, meva va sabzavot konservalari hamda pyure);

hayvonlar;

aksizlanadigan tovarlar, shu jumladan alkogol mahsulot;

hashorot va zarakunandalarga qarshi kurashish uchun ximikat va zaharlar;

diniy mazmundagi materiallar.

  1. Quyidagi joylarda ko‘chma savdo ob’yektlarini joylashtirishga yo‘l qo‘yilmaydi:

ma’muriy binolar fasadlari va madaniy meros ob’yektlari oldida, tabitani muhofaza qilish hududida;

muhandislik-kommunikatsiya himoya mintaqalarida;

jamoat transporti bekatlarida trotuarning ikki tomoni bo‘yicha
15 m.dan yaqin masofada (savdo avtomatlaridan tashqari);

ko‘chalar kesishmalarigacha 15 m. dan yaqin;

axlat konteynerlari va axlat yig‘ish punktlaridan 20 m. dan kam bo‘lmagan masofada;

sun’iy inshootlarda (to‘xtash naveslari, yerosti o‘tishlari, ko‘priklar, tonnellar, transport yechimlar va yo‘lo‘tkazgichlar);

temir yo‘l kesishuvigacha 50 m.dan yaqin.

  1. Ko‘chma savdo ob’yekti iste’molchilarga xizmat ko‘rsatishni amalga oshirish vaqtida qulay bo‘lgan, normativ-huquqiy hujjatlar va texnik reglamentlar, shuningdek to‘g‘ri joylashuvni aniqlash uchun GPS treker majburiy talablariga muvofiq zarur savdo, muzlatish va o‘zgacha texnologik qurilmalar bilan vitrina va peshtaxta(lar) bilan jihozlangan bo‘lishi kerak.
  2. O‘rnatilgan tartibda ro‘yxatdan o‘tkazilgan ko‘chma savdo joyini yoki uni bir qismini boshqa shaxsga foydalanish uchun berish taqiqlanadi.
  3. Ko‘chma savdo amalga oshiriladigan transport vositasi 4 (Yevro-4) ekologik klassidan kam bo‘lmagan talablarga muvofiq bo‘lishi, belgilangan tartibda texnik ko‘rikdan o‘tgan hamda texnik soz va tegishlicha sanitar holatda bo‘lishi kerak.
  4. Xaridorlarga xizmat ko‘rsatiladigan vitrina va peshtaxtalarga xaridorlarni erkin o‘tish imkoni bo‘lmagan holdagi xaridorlarga xizmat ko‘rsatiladigan ko‘chma savdo joylashtirish (to‘xtab turish)ga yo‘l qo‘yilmaydi.
  5. Ko‘chma savdo sub’yektlari, quyidagilarga majbur:

ko‘chma savdo ob’yektida ko‘chma savdo sub’yekti to‘g‘risidagi, ko‘chma savdo ob’yektini ish vaqti boshlanishi va tugashi haqidagi, reyestrga kiritilganligi haqida (QR-kod qo‘yilgan elektron hujjat nusxasi ko‘rinishida)gi ma’lumotlar, tashkilotni manzili va telefon raqami, shuningdek savdo avtomatlarida shu jumladan texnik xizmat telefon raqamlari haqidagi ma’lumotlarni joylashtirish;

vakolatli idoraga ko‘chma savdo ob’yektlar to‘g‘risidagi ma’lumotlar o‘zgarganligi to‘g‘risida, tegishli o‘zgarishlar kirgan kundan boshlab 10 kun davomida, vakolatli idoraga erkin shakldagi ariza yo‘llash va tegishli o‘zgartirishlar kiritilganligini tasdiqlovchi hujjatlar nusxalarini ilova qilgan holda, yoki elektron raqamli imzo bilan tasdiqlangan elektron hujjat shaklida axborot berish.

  1. Sotuvga qo‘yilayotgan tovarlar assortimenti, ko‘rsatilayotgan xizmatlar ro‘yxati, sotuvchi tomonidan ko‘chma savdoni ixtisoslashuviga muvofiq mustaqil belgilanadi.
  2. Ko‘chma savdo sub’yektlari ko‘chma savdoni ular tomonidan ro‘yxatga o‘tishda ko‘rsatilgan ish vaqti rejimiga asosan amalga oshiradilar.
  3. Transport vositasidagi ko‘chma savdo Yo‘l harakati qoidalariga muvofiq transport vositasini to‘xtab turishi taqiqlanmagan joylarda amalga oshirilishi mumkin. Ko‘chma savdo ob’yekti ish vaqtidan tashqari faqat jihozlangan to‘xtash joyi (garaj)da to‘xtab turishi (avtoturargox) mumkin. Ko‘chma savdo ob’yektini hovli-joy va yashash hududlarida to‘xtab turishiga yo‘l qo‘yilmaydi.
  4. Savdo avtomatlari orqali, qoida tariqasida, ommaviy talabga ega narxi yuqori bo‘lmagan va standart shakllardagi tovarlar (choy, kofe, salqin va alkogolsiz ichimliklar, konditer, non mahsulotlari, shirinliklar, alohida nooziq-ovqat tovarlar (bosma mahsulot va gazetalar) sotiladi. Savdo avtomatlar tovar ta’minoti va texnik xizmat ko‘rsatish savdo avtomatini “YER AUKSION” ESMdan ro‘yxatdan o‘tkazgan, tovar-moddiy qimmatliklarini saqlanishini ta’minlash hamda savdo avtomati buzilgan hollarda tovarlarni yaroqsiz bo‘lishini oldini olish majburiyatlarini o‘z ichiga olgan ko‘chma savdo sub’yekti zimmasiga yuklatiladi.

III bob. Ko‘chma savdo ob’yektini ro‘yxatdan o‘tkazish tartibi

  • 1. Ko‘chma savdo ob’yektini ro‘yxatdan o‘tkazishning umumiy qoidalari
  1. Ko‘chma savdo ob’yektlarini “YER AUKSION” ESMdan ro‘yxatdan o‘tkazish tadbirkorlik sub’yektlari tomonidan ko‘chma savdo joyini biriktirish orqali elektron blankasini to‘ldirish orqali amalga oshiriladi.
  2. Ko‘chma savdo joylashuv sxemasi doirasida amalga oshiriladi. Joylashuvlar sxemalari doirasidagi ko‘chma savdo joyi elektron auksion orqali “YER AUKSION” ESM yordamida amalga oshiriladi.
  3. Ko‘chma savdo ob’yektini “YER AUKSION” ESMdan ro‘yxatdan o‘tkazish uchun quyidagi miqdorlarda yig‘im undiriladi:

shaharlarning ma’muriy markazlarida ko‘chma savdo amalga oshirganlik uchun – bazaviy hisoblash miqdorining 75 foizi;

tumanlar ma’muriy markazlarida ko‘chma savdo amalga oshirganlik uchun – bazaviy hisoblash miqdorining 50 foizi. Boshqa aholi punktlarida ko‘chma savdo amalga oshirishga “YER AUKSION” ESMdan ro‘yxatdan o‘tkazish uchun yig‘im undirilmaydi.

  • 2. Joylashuv sxemalarini tuzish
  1. Tuman (shahar) hokimliklari mazkur Nizom 8-bandida ko‘rsatilgan talablarga muvofiq, joylar soni ko‘rsatilgan ko‘chma savdo ob’yektlarining tegishli tuman (shahar) hududidagi joylashuvini o‘z ichiga olgan joylashuv sxemalarini tuzadilar.
  2. Joylar soni ko‘rsatilgan ko‘chma savdo ob’yektlarining joylashuv sxemalarini tegishlicha Davlat sanitariya-epidemiologiya osoyishtalik markazi, IIB Yo‘l harakati xavfsizligi, Qurilish bosh boshqarmasi,
    Yer resurslari va davlat kadastri boshqarmasi bilan kelishish faqat elektron shaklda, “YERELEKTRON” AAT orqali, avtomatlashtirilgan tartibda, unga yer uchastkalari bo‘yicha ma’lumotlar kiritilganidan so‘ng
    3 ish kuni davomida amalga oshiriladi.
  3. Ko‘chma savdo ob’yektlarining tasdiqlangan joylashuv sxemalari vakolatli idora tomonidan kelishilganidan so‘ng 10 kun davomida
    “YER AUKSION” ESMda joylashtirilishi lozim. Joylashuv sxemalari har uch yilda qayta ko‘rib chiqilishi lozim.
  4. Tadbirkorlik sub’yektlari ko‘chma savdo aniq joyini joylashuv sxemalariga keyinchalik ularni “YER AUKSION” ESM orqali sotish uchun “YERELEKTRON” AAT yordamida takliflar kiritishga haqli.
  5. Tanlangan ko‘chma savdo joyi mazkur Nizomga muvofiqligi yuzasidan vakolatli idoralar tomonidan 3 ish kuni davomida ko‘rib chiqiladi.
  6. Ko‘rib chiqish natijalariga ko‘ra vakolatli idora
    taklif etilgan ko‘chma savdo joyini “YER AUKSION” ESMga joylashtiradi yoki rad qilish sabablarini ko‘rsatgan holda joylashtirishni rad etadi. 
  • 3. Ko‘chma savdo joylarini sotish
  1. Joylashuv sxemalari doirasidagi ko‘chma savdo joylari elektron auksionda “YER AUKSION” ESM orqali sotiladi, uning natijalariga ko‘ra ko‘chma savdo ob’yektini joylashtirish huquqini eng yuqori narx taklif etgan ishtirokchi qo‘lga kiritadi.
  2. Auksion narxni oshirish prinsipi bo‘yicha o‘tkaziladi. Minimal boshlang‘ich narx ushbu Nizomning 20-bandida ko‘rsatilgan yig‘im miqdoriga teng.
  3. Auksionda istalgan yuridik shaxslar yoki yakka tartibdagi tadbirkor ishtirok etishga haqli.
  4. Auksion kim oshdi savdosida qatnashish uchun birinchi talabnoma topshirilgan paytdan boshlanadi. Kim oshdi savdosini o‘tkazish muddati 3 kalendar kun.
  5. 31.Auksion ishtirokchisini “YER AUKSION” ESMda ro‘yxatdan o‘tkazish uchun mazkur Nizomning 20-bandida ko‘rsatilgan yig‘im miqdoridagi zakalat undiriladi.
  6. 32.Auksionda ishtirok etish uchun ishtirokchi “YER AUKSION” ESMda tegishli elektron blanka to‘ldiradi va zakalat miqdorini to‘laydi. Elektron blanka quyidagi ma’lumotlarni o‘z ichiga olgan bo‘lishi kerak:

yuridik shaxs nomi yoki yakka tartibdagi tadbirkor familiyasi, ismi va otasining ismi (agar shunday bo‘lsa);

soliq to‘lovchining identifikatsion raqami; ko‘chma savdo ob’yektining ixtisoslashuvi;

ish rejimi (ish kunlari, ish vaqti); tashqi savdo ob’yektini joylashtirish muddati, bunda bu muddat 6 oydan oshmasligi kerak;

elektron pochta manzili;

ko‘chma savdo sub’yekti, uning ishchilarini ular tomonidan amalga oshirayotgan faoliyatga, shuningdek ushbu faoliyat jarayoniga belgilangan jihozlarni qonunchilikda belgilangan talablarga muvofiqligini tasdiqlovchi ma’lumotlar.

  1. 33.Elektron blankani to‘ldirilganidan so‘ng, ishtirokchi
    “YER AUKSION” ESMga kiritgan ma’lumotlarni haqqoniyligini elektron raqamli imzo (ERI) bilan tasdiqlaydi.
  2. Auksion yakunida “YER AUKSION” ESMda avtomatik rejimda auksion g‘olibining nomi va oxirgi taklif bahosi aks etiriladi.
  3. Agar auksionni yakuniy holatiga faqat bir ishtirokchi tomonidan taklif kiritilgan bo‘lsa, g‘olib deb ushbu ishtirokchi topiladi.
  4. Auksion g‘olibi ikki ish kunidan kechiktirmay ko‘chma savdo joyi to‘liq narxini to‘lashi lozim. Bunda ilgari kiritilgan zakalat miqdori ko‘chma savdo joyi narxi hisobiga qo‘shib hisoblanadi.
  5. Agar belgilangan muddatda ko‘chma savdo joyining to‘liq narxi to‘lanmasa, auksion o‘tkazilmagan hisoblanadi, va g‘olibning zakalat miqdori qaytarilmaydi.
  6. Ko‘chma savdo joyi narxi to‘langanligini tasdiqlash axborot-kommunikatsiya tizimlar yordamida amalga oshiriladi.
  7. Ko‘chma savdo joyi narxi to‘langani tasdiqlanganidan so‘ng g‘olibga “YER AUKSION” ESM orqali ko‘chma savdo ob’yekti ro‘yxatdan o‘tganini tasdqlovchi QR-kod (matritsa-shtrix kod) qo‘yilgan elektron hujjat avtomatik tarzda yuboriladi.
  8. Auksion yakunlanganidan so‘ng auksion ishtirokchilariga 3 ish kunida zakalat miqdori qaytariladi, auksion g‘olibi bundan mustasno.
  9. Ro‘yxatga olingan ko‘chma savdo joyi joylashuv sxemasida ko‘chma savdo ob’yektini joylashtirish davrida bandligini ko‘rsatuvchi maxsus belgi bilan belgilanadi.
  • 4. Ko‘chma savdo amalga oshiradigan transport vositasini ro‘yxatdan o‘tkazish tartibi
  1. Ko‘chma savdo amalga oshiradigan transport vositasi savdo o‘tkazilmasdan joylashuv sxemasiz “YER AUKSION” ESMda ro‘yxatdan o‘tkaziladi. Transport vositasi GPS treker bilan jihozlangan bo‘lib, tadbirkorlik sub’yekti “YER AUKSION” ESM operatoriga GPS treker ma’lumotlariga ruxsat beradi.
  2. Transport vositasini “YER AUKSION” ESMda ro‘yxatdan o‘tkazish uchun tadbirkorlik sub’yekti tegishli elektron blankani to‘ldiradi va mazkur Nizom 20-bandida ko‘rsatilgan miqdordagi yig‘im pulini to‘laydi.

Elektron blanka quyidagi ma’lumotlarni o‘z ichiga olgan bo‘lishi kerak:

yuridik shaxs nomi yoki yakka tartibdagi tadbirkor familiyasi, ismi va otasining ismi (agar shunday bo‘lsa);

soliq to‘lovchining identifikatsion raqami;

transport vositasining davlat belgisi raqami;

ko‘chma savdo ob’yektining ixtisoslashuvi;

ish rejimi (ish kunlari, ish vaqti);

tashqi savdo ob’yektini joylashtirish muddati, bunda bu muddat 6 oydan oshmasligi kerak;

elektron pochta manzili;

tegishli ko‘chma savdo sub’yekti, uning ishchilarining o‘zlari amalga oshirayotgan faoliyatga, ushbu faoliyat jarayoniga belgilangan jihozlarni qonunchilikda belgilangan talablarga muvofiqligini tasdiqlovchi ma’lumotlari.

  1. Yig‘im puli to‘langanligini tasdiqlash axborot-kommunikatsiya tizimi yordamida amalga oshiriladi.
  2. Elektron blanka to‘ldirilganidan so‘ng, “YER AUKSION” ESM tadbirkorlik sub’yekti tomonidan kiritilgan ma’lumotlarni onlayn rejimida qayta ishlaydi va ko‘chma savdo ob’yekti ro‘yxatdan o‘tganini tasdqlovchi QR-kod (matritsa-shtrix kod) qo‘yilgan elektron hujjat avtomatik tarzda yuboradi.
  3. Ro‘yxatdan o‘tganligini tasdiqlovchi elektron hujjat shuningdek tadbirkorlik sub’yektining elektron pochta manziliga ham yuboriladi.
  4. Tadbirkorlik sub’yektida ko‘chma savdo amalga oshirish uchun bir necha transport vositalari mavjud bo‘lganida, har bir transport vositasi alohida ro‘yxatdan o‘tkaziladi.
  • 5. Ko‘chma savdo ob’yektlari hisobini yuritish tartibi
  1. Vakolatli idora ko‘chma savdo ob’yektlari hisobini vakolatli idora rasmiy saytida joylashtiriladigan va elktron shaklda yuritiladigan ko‘chma savdo ob’yektlari Reyestri (keyingi o‘rinlarda – reyestr)da amalga oshiradi.
  2. Reyestrga har bir taklif etilgan ko‘chma savdo ob’yekti bo‘yicha quyidagi ma’lumotlar kiritiladi:

ro‘yxatdan o‘tgan sana va uning raqami; yuridik shaxs nomi yoki yakka tartibdagi tadbirkor familiyasi, ismi va otasining ismi (agar shunday bo‘lsa);

soliq to‘lovchining identifikatsion raqami;

ko‘chma savdo ob’yektining ixtisoslashuvi;

ish rejimi (ish kunlari, ish vaqti);

ko‘chma savdo amalga oshirish ko‘zlangan (transport vositasi yordamida ko‘chma savdo amalga oshirishdagi) transport vositasining davlat belgi raqami;

ko‘chma savdo ob’yektini joylashtirish muddati;

ko‘chma savdoob’yektining joylashuvi.

  1. Mazkur Nizomning 49-bandida ko‘rsatilgan ma’lumotlar reyestrga kelib tushgan ma’lumotlar hisobiga mas’ul bo‘lgan vakolatli idora xodimi tomonidan kiritiladi.
  2. Ko‘chma savdo ob’yektlar to‘g‘risidagi ma’lumotlar avtomatik rejimda Davlat sanitariya-epidemiologiya osoyishtalik markaziga; viloyat veterinariya va chorvachilikni rivojlantirish boshqarmasiga; viloyat Favqulodda vaziyatlar boshqarmasiga; IIB Yo‘l harakati xavfsizligi boshqarmasiga; viloyat Yer resurslari va davlat kadastri boshqarmasining hududiy bo‘limlariga yuboriladi.
  • 6. Ko‘chma savdo amalga oshirish muddatini tugatish va ko‘chma savdo ob’yektini joylash muddatlarini uzaytirish
  1. Ko‘chma savdoni amalga oshirish joyi ko‘chma savdo ob’yektini ro‘yxatdan o‘tkazish uchun nazarda tutilgan umumiy tartibda o‘zgartirilishi mumkin.
  2. Vakolatli idora ko‘chma savdo ob’yektini reyestrdan quyidagi hollarda chiqarib yuborish huquqiga ega:

mazkur ko‘chma savdo ob’yekti to‘g‘risida taqdim etilgan ma’lumotlar haqqoniy emasligi aniqlansa;

yuridik shaxs, jismoniy shaxs tomonidan yakka tartibdagi tadbirkorlik faoliyati tugatilsa;

ko‘chma savdo sub’yekti tomonidan ushbu ko‘chma savdo ob’yektidagi ko‘chma savdo faoliyati to‘xtatilishi haqida xabar kiritsa.

  1. Reyestrdan chiqarish ko‘chma savdo sub’yektining ko‘chma savdo ob’yekti joylashgan joyda ko‘chma savdo amalga oshirish huquqini yo‘qotilishiga olib keladi. Reyestrdan chiqarish ro‘yxatdan o‘tish uchun takroriy murojaat etishga to‘sqinlik qilmaydi.
  2. Ro‘yxatdan o‘tkazishda ko‘rsatilgan ko‘chma savdo ob’yektini joylashtirish muddati o‘tganidan so‘ng, tadbirkorlik sub’yekti ko‘chma savdo ob’yekti joyini bo‘shatib qo‘yishi lozim.
  3. Ko‘chma savdo ob’yektini tegishli savdo joyida joylashtirish muddatlarini ikki martadan ko‘p bo‘lmagan uzaytirishga yo‘l qo‘yiladi (ushbu cheklov savdo avtomatlariga tatbiq etilmaydi). Bunda, ko‘chma savdo sub’yekti ko‘chma savdo ob’yektini joylashtirish muddati o‘tguniga qadar “YER AUKSION” ESMda ko‘chma savdo ob’yektini joylashtirish muddatini uzaytirish to‘g‘risida elektron blankani to‘ldirishi lozim. Elektron blanka to‘ldirilganidan va mazkur Nizomning 20-bandida ko‘rsatilgan miqdordagi yig‘im puli to‘langanidan so‘ng, “YER AUKSION” ESM ko‘chma savdo sub’yektining elektron pochta manziliga ko‘chma savdo ob’yekti joylashish muddati uzaytirilganini tasdqlovchi QR-kod (matritsa-shtrix kod) qo‘yilgan elektron hujjatni avtomatik tarzda yuboradi.

IV bob. Yakunlovchi qoidalar

  1. “YER AUKSION” ESMda saqlanadigan ma’lumotlar hamma uchun ochiqdir.
  2. Ko‘chma savdo ob’yektlarini muhandislik-kommunikatsiya tarmoqlariga ulanish qonunchilikda belgilangan tartiblarga muvofiq iste’molchi yoki subiste’molchi sifatida amalga oshiriladi.
  3. Auksion savdolaridan tushgan tushumlar va pul mablag‘lari yig‘indisining 30 foizi viloyat Yer resurslari va davlat kadastri boshqarmasining maxsus hisob raqamiga, 70 foizi tegishli tuman (shahar) mahalliy byudjetiga taqsimlanadi.
  4. Ushbu Nizom talablari buzilishida aybdor bo‘lgan shaxslar qonun hujjatlarida belgilangan tartibda javobgar bo‘ladilar.

Viloyat hokimining
2020 yil
24 martdagi
 
39-son qaroriga
2-ilova

“YER AUKSION” avtomatlashtirilgan axborot tizimiga ulanadigan boshqarma va tashkilotlar

  1. Viloyat sanitariya-epidimiologiya nazorati markazi
  2. Viloyat davlat veterinariya boshqarmasi
  3. Viloyat qurilish bosh boshqarmasi
  4. Viloyat favqulodda vaziyatlar boshqarmasi
  5. Viloyat IIB /Yo‘l harakati xavfsizligi boshqarmasi
  6. Viloyat yer resurslari va davlat kadastri boshqarmasi