Android qurilmalar uchun Zarnews.uz mobil ilovasi. Yuklab olish x

Samarqand davlat muzey-qo‘riqxonasi tarkibida ayrim muzeylar tashkil etilmasdan qolib ketgan

O‘zbekiston hukumatining 1982 yil 26 maydagi qaroriga binoan, Akmal Ikromov nomidagi O‘zbekiston madaniyati va san’ati tarixi muzeyi bazasida Samarqand davlat muzey-qo‘riqxonasi tashkil etilgan. Muzey-qo‘riqxonaning qo‘riqlanadigan hududlari sifatida tarixiy, tarixiy-topografik va me’moriy jihatdan ko‘chalar hamda kvartallarga ajratilgan. Unga ko‘ra, Samarqand shahridagi bir nechta ko‘chalar, me’moriy yodgorliklar, madrasa-masjidlar, ko‘plab tarixiy ahamiyatga ega majmualar kiritilgan.

Umumiy muhofaza etiladigan hududlar jami 798 gektarni tashkil etib, shundan, Afrosiyob shaharchasi 218 gektar, O‘rta asrdagi Samarqand shahri (eski shahar) 320 gektar va “Yangi shahar” 260 gektarni tashkil etgan. Samarqand davlat muzey-qo‘riqxonasi tashkil topishidan bir yil o‘tib, ya’ni 1983 yilda 1642 ta moddiy-madaniy yodgorliklar davlat muhofazasiga olingan. Ulardan 214 tasi me’moriy yodgorliklar, 335 tasi monumental san’at yodgorliklari va 1093 tasi arxeologik yodgorliklar hisoblanadi.

1964 yilda tashkil etilgan “Mirzo Ulug‘bek memorial muzeyi”, 1965 yilda Sadriddin Ayniy uy-muzeyi, 1970 yilda Samarqand shahri tarixi-Afrosiyob muzeyi, o‘tgan asrning 70-yillarida tashkil etilgan Ishtixon, Paxtachi tumanlari hamda Kattaqo‘rg‘on shahar tarixi muzeylari Samarqand davlat muzey-qo‘riqxona tasarrufiga olingan.

1982 yilda “Yodgorliklarni muzeylashtirishning 1990 yilgacha bo‘lgan istiqbolli rejasi” tuzilgan. Unga ko‘ra, 1985 yilda Registon ansamblidagi Tillakori madrasasida “Me’moriy yodgorliklarni ta’mirlash va o‘rganish tarixi muzeyi”, 1982 yilda Sherdor madrasasida “XIX asr talabalari muzey kompleksi” va 1984 yilda Nodir Devonbegi madrasasida “Samarqand viloyati halq hunarmandchiligi va mahalliy sanoat muzeyi” tashkil etildi. Kattaqo‘rg‘on tumanida Muhammad Amir Naqibbek madrasasi, Nurota tumanida Chilustun me’moriy yodgorliklarida tuman o‘lkashunoslik muzeylari tashkil etish ko‘zda tutildi. Hazrati Xizr masjidida “Tosh o‘ymakorligi muzeyi”, Qo‘shhovuz majmuasida “Etnografiya va maishiy turmush muzeyi”ni tashkil etish bo‘yicha ilmiy ishlanmalar ham tayyorlangan. Shuningdek, Sherdor madrasasida O‘zbekiston xalqlari musiqa asboblari muzeyi, Ulug‘bek madrasasida noyob qo‘lyozmalar muzeyi, Shohi Zinda majmuasida XIX asr oxiri XX asr boshlari yog‘och o‘ymakorligi muzeyi va nihoyat Akmal Ikromov uy-muzeyini ochish ham belgilangan edi.

Afsuski, muzey-qo‘riqxona moddiy-texnik jihatdan yetarli darajada ta’minlanmaganligi tufayli yuqorida keltirilgan ba’zi muzey va ekspozitsiyalarning tashkil etilishi amalga oshmasdan qoldi.

Mahmudxon YuNUSOV,

Samarqand davlat muzey-qo‘riqxonasi bosh muhofizi.