Android qurilmalar uchun Zarnews.uz mobil ilovasi. Yuklab olish x

Samarqand davlat universitetiga super-kontrakt asosida o‘qishni istovchilar 3,5 mingdan ortdi. Boshqalarida-chi?

Samarqand davlat universitetiga tabaqalashtirilgan to‘lov kontrakt asosida (super-kontrakt) o‘qishni istaganlar 3,5 mingdan ortiqni tashkil etmoqda. Ularning 50-60 foizi pedagogika ta’lim sohasida o‘qishni xohlovchilardir.

Universitetda super-kontrakt miqdori fakultetlarga qarab 2020-2021 o‘quv yili uchun amaldagi bazaviy to‘lov-kontrakt miqdorining 8 baravaridan 25 baravarigacha belgilangan. Talabgorlar ballar ketma-ketligida o‘qishga qabul qilinadi.

Samarqand davlat chet tillar institutiga tabaqalashtirilgan to‘lov kontrakt asosida o‘qishni istovchilar tomonidan onlayn tarzda 2 ming atrofida arizalar tushgan. Eng ko‘p arizalar xorijiy til va adabiyot (ingliz tili), maktabgacha va boshlang‘ich ta’lim xorijiy til (ingliz tili) yo‘nalishlariga topshirilgan. Institutda super-kontrakt miqdori yo‘nalishlarga qarab amaldagi bazaviy to‘lov-kontrakt miqdorining 8 baravaridan 12 baravarigacha belgilangan. Eng yuqori to‘lov filologiya va tillarni o‘qitish yo‘nalishi bo‘lib, o‘qishni xohlovchilar amaldagi bazaviy to‘lov-kontrakt miqdorining 12 baravarini to‘laydi.

Samarqand davlat tibbiyot institutiga hozirgacha super-kontrakt asosida o‘qishni istovchilar tomonidan 700 ga yaqin arizalar tushgan. Eng ko‘p ariza davolash fakultetida o‘qishni istovchilar tomonidan bo‘lib, ushbu yo‘nalishga 300 ga yaqin talabgorlar bor. Institutda super-kontrakt narxlari yo‘nalishlariga qarab amaldagi bazaviy to‘lov-kontrakt miqdorining 10 baravaridan 17 baravarigacha miqdorda to‘laydi.

Xurshida ERNAZAROVA.