Android qurilmalar uchun Zarnews.uz mobil ilovasi. Yuklab olish x

Samarqandda san’atkorlar taqchilmi?

Samarqand shahridagi yoshlar markazida viloyatdagi san’at ahli bilan davra suhbati o‘tkazildi. Uni Samarqand viloyati hokimining o‘rinbosari R.Qobilov olib bordi.

Tadbirda shahar va tuman madaniyat bo‘limlari rahbarlari, musiqa va san’at maktablari direktorlari, taniqli san’atkorlar, yosh xonandalar ishtirok etdi.

Davra suhbatida san’atkorlar tomonidan yangi qo‘shiqlar, jumladan, Samarqandni madh etuvchi asarlar yaratilmayotgani yoki aytilayotgan qo‘shiqlarning so‘zlari aholiga, ayniqsa, yoshlarga tushunarsiz holda kuylanayotgani, milliy ruhdagi qo‘shiqlar to‘y-bazmlarda deyarli aytilmayotgani, qo‘shiqchilar jonli ijroda chiqish qilmasdan fonogrammadan foydalanayotgani, san’atkorga xos bo‘lmagan harakatlarining ijtimoiy tarmoqlarda tarqalib ketayotgani tanqid ostiga olindi.

– Bugun san’atkor-u xonandalar foydalanishi uchun zamonaviy cholg‘u asboblari istagancha bor, lekin aksariyat qo‘shiqchilarda iste’dod yo‘q, o‘z ustida ishlash yo‘q - dedi R.Qobilov. – Achinarlisi, hozirda ba’zilar tadbirga sozanda bilan boradi-yu qo‘shiqlarni fonogrammada ijro etadi. Bu san’atga bo‘lgan xiyonat emasmi? Bu kabi salbiy holatlar tufayli keyingi yillarda samarqandlik san’atkorlar “Nihol” davlat mukofotini ololmayapti. Davlat tadbirlarida samarqandliklarning chiqishi yo‘q hisobi. Yaxshi raqsi bilan tanilgan raqqosalar yetishmaydi, raqs maktabi shakllantirilmagan.

Uchrashuvda viloyat bo‘yicha 150 nafar san’atkor litsenziyaga ega ekanligi, aslida esa ularning soni 700 dan ziyodligi aytildi. Shundan kelib, chiqib kelgusida ularni qonuniy faoliyat olib borishini ta’minlash va soliqlarni vaqtida to‘lash masalasi ham muhokama markazida bo‘ldi.

Davra suhbatida ishtirokchilar tomonidan takliflar bildirildi. Unga ko‘ra, kelgusida elimiz suygan san’atkorlar ishtirokida xayriya galakonserti tashkil etiladi, Samarqand yulduzlari qo‘shiqlari to‘plami yaratiladi. San’atkorlar o‘rtasida turli tadbirlar va sport musobaqalari uyushtiriladi. Har oyda bir marotaba shunday uchrashuvlar o‘tkaziladi.    

Husan ELTOYeV.