Android qurilmalar uchun Zarnews.uz mobil ilovasi. Yuklab olish x

Samarqand shahar hokimi B.Oblaqulovning shahar ahli va tadbirkorlarga murojaati

Bugungi pandemiya sharoitida nafaqat shahrimiz yoki mamlakatimiz, balki butun dunyo ahli murakkab vaziyatda qoldi. Koronavirus barcha davlatlarning iqtisodiga o‘z ta’sirini ko‘rsatdi. Yuzlab, minglab odamlar ushbu xastalikka chalindi va kasallanganlar soni kun sayin ortib bormoqda.

Jahon ahlini larzaga solayotgan bunday jarayon, afsuski, bizning respublikamizda, xususan, shahrimizda ham kuzatilmoqda. Biroq shu qisqa fursat oralig‘ida ozmi-ko‘pmi, o‘z tajribamizga ega bo‘ldik. Karantin sharoitida yashashga, ishlashga ko‘nikdik. Endi siz va bizdan talab qilinayotgani – kundalik hayot tarzimizda sanitariya-gigiyena talablariga qat’iy amal qilgan holda hayot kechirish, faoliyat yuritishdan iborat.

Bu talablar, aslida, hech birimizga og‘irlik qilmaydi. Ya’ni, kun davomida qo‘llarimizni sovun bilan tez-tez yuvib turish yoki antiseptik vositalar bilan tozalash, uch kishidan ortiq to‘planmaslik, jamoat joylarida ijtimoiy masofani saqlash, suyuqliklar va immunitetni ko‘taruvchi mahsulotlarni ko‘proq iste’mol qilish, bolalar va yoshi ulug‘larga e’tiborli bo‘lish kabi oddiy ko‘rsatmalardan iborat.

Shuni alohida ta’kidlashni istardikki, bugun vaziyat og‘ir va murakkab bo‘lishiga qaramasdan, yurtimizda, jumladan, shahrimizda ham aholining oziq-ovqat va boshqa mahsulotlarga bo‘lgan ehtiyojini ta’minlashda hech qanday to‘siqlar, qiyinchiliklar uchramaydi. Narx-navo doimiy nazoratga olingan.

Shu sabab ortiqcha vahimaga berilmasdan, bir-birimizni qo‘llab-quvvatlashimiz, maxsus komissiyaning qarorlariga qat’iy amal qilishimiz talab etiladi.

Hurmatli tadbirkorlar!

Xalqimiz azaldan donishmandligi, har qanday sharoitda muhtojlarga e’tibor qaratishi, og‘ir vaziyatlarda bir-biriga kamarbasta bo‘lganligi va odamgarchiligi, sabr-qanoati, xalqparvarligi bois boshiga tushgan qora kunlarni sabot bilan yengib o‘tgan. Muqaddas dinimizda el boshiga kelgan kulfatdan o‘z manfaati uchun foydalanish og‘ir gunoh sanaladi.

Aksincha, bunday sharoitda qilingan ehson, ko‘rsatilgan saxovatning ajru savobi yanada ortadi. Bugungi sinovli kunlarda ham bu kabi ota meros urf-odatlarimizga sodiq qolaylik.

Aholining tinchligi, farovon hayot kechirishi, muhimi, narx-navoning asossiz oshirilishi oqibatida xotirjamligini yo‘qotishiga sababchi bo‘lib qolmaylik. Takror aytaman, oziq-ovqat zaxirasi bizda yetarli: Allohga shukur, yurtimizda ayni pishiqchilik vaqti, saxovatli ona-zaminimizda yetishtirilgan meva va sabzavotlar bozorlarimizni to‘ldirib turibdi. Ichki bozorimizdan ortgan oziq-ovqat mahsulotlari chet davlatlarga ham eksport qilinmoqda.

Xullas, oziq-ovqat zaxirasi masalasida barcha choralar ko‘rilgan. Bozorlardagi narx-navo keng jamoatchilik, shahar hokimligi, shahar prokuraturasi va tegishli sektorlar mas’ullari tomonidan nazoratga olingan.

Qadrli dori vositalari savdosi bilan shug‘ullanuvchilar!

Pandemiya sharoitida aholining dori-darmonga va tibbiy vositalarga bo‘lgan ehtiyoji har qachongidan ortib bormoqda. Shunday vaziyatda, siz azizlarning ham zimmangizda katta mas’uliyat yuklanmoqda. Dori vositalari narxlarining asossiz ravishda oshishi, aholining ortiqcha sarosimaga tushishining oldini olishda sizlarning ko‘magingizga ehtiyoj sezamiz.

Yurtboshimiz bot-bot ta’kidlaganlaridek, bugungi kunda dori-darmonga talab qanchalik ortgan bo‘lmasin, yurtimizda dori vositalari tanqisligi bo‘lmaydi. Buning uchun mablag‘imiz, yetarlicha zaxiramiz mavjud.

Agar sizga ko‘mak, har qanday mablag‘ zarur bo‘lsa, Samarqand shahar hokimligi qo‘llab-quvatlashga, belgilangan tartibda kredit olishingiz uchun yordam berishga tayyor. Bu borada qilinishi kerak bo‘lgan barcha chora-tadbirlar nazoratimizda.

Shunday ekan, ayrim qo‘shtirnoq ichidagi tadbirkorlarga o‘xshab xalq boshiga tushgan sinovli kunlardan foydalanib, narx-navoning suniy ravishda oshirilishiga yo‘l qo‘yayotganlar safida bo‘lishdan tiyiling. Shu yo‘lni tutayotganlarni insofga chaqiraylik. Bunday yo‘l bilan boylik orttirish dinimizda qattiq qoralanadi, mamlakatimiz qonunchiligida esa katiy ta’qiqlanganidan ko‘pchilikning xabari bor.