Android qurilmalar uchun Zarnews.uz mobil ilovasi. Yuklab olish x

Samarqand shahridagi 5 ob’yektda loyihaviy qiymati 22,2 kilometr ichimlik va oqava suv tizimlari yangilanmoqda

O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2019 yil 26 iyuldagi Samarqand viloyatiga tashrifi davomida bergan topshirig‘iga asosan “Samarqand siti” turistik zonasi hududidan o‘tuvchi kanalizatsiya tarmog‘ini ko‘chirish, Ro‘dakiy ko‘chasi bo‘ylab, Gagarin ko‘chasidan Chuquryo‘l ko‘chasigacha ichimlik suvi tarmog‘ini qurish va moliyalashtirish bo‘yicha loyiha-smeta hujjatlari ishlab chiqilib, moliya vazirligiga taqdim etildi.

Unga ko‘ra, 5 ta ob’yektda loyihaviy quvvati 22,2 kilometr ichimlik va oqava suvlar tizimlari yangilanib, qayta ta’mirlanadi. Hozirda Bo‘stonsaroy va Amir Temur ko‘chalari kesishmasidan Samarqand xalqaro aeroportigacha bo‘lgan ichimlik suvi tarmog‘ini qurish ishlari boshlandi. Ya’ni, 1900 metr ichimlik suvi tarmoqlari yotqizilib, materiallar zaxirasi yaratilmoqda.

Shuningdek, Samarqand xalqaro aeroportidan Dahbet ko‘chasigacha bo‘lgan kanalizatsiya tarmog‘ini tortish ishlari doirasida 1100 metr oqava suv quvurlari yotqizildi. Lohutiy ko‘chasidan Ro‘dakiy ko‘chasi bo‘ylab 670 metr oqava suvlarni ikkilamchi ko‘tarib berish nasos stansiyasi o‘rnatilib, “Xo‘ja Ahrori Vali” majmuasidan Gulobod ko‘chasi orqali Termiz ko‘chasigacha kanalizatsiya va ichimlik suv tarmoqlarini tortish ishlari olib borilmoqda. Jumladan, 1000 metr oqava suv quvurlari, 260 metr ichimlik suvi quvurlari yotqizilib, 1200 metr quvurni payvandlash ishlari davom etmoqda.

Ushbu sa’y-harakatlar odamlarning og‘irini yengil qilish, kerakli shart-sharoitlarni yaratish, muhimi, xalqning roziligini olishdan iborat ekanligini ta’kidlamoqchimiz.

Komil YUSUPOV,
Samarqand viloyati “Suvoqava” DUK rahbari.