Android qurilmalar uchun Zarnews.uz mobil ilovasi. Yuklab olish x

Samarqand shahrining Buyuk Ipak yo‘li, Amir Temur va Ali Qushchi ko‘chalaridagi ichimlik suvi tarmoqlari yangilanyapti

Samarqand shahrining ayrim magistral ko‘chalari ostidan o‘tgan ichimlik suvi tarmoqlarining ko‘p yillardan buyon xizmat ko‘rsatayotganligi sababli texnik jihatdan tarmoqlarda nosozliklar yuzaga kelmoqda. Jumladan, Samarqand shahridagi Buyuk Ipak yo‘li ko‘chasidan o‘tgan diametri 500 mm.li yuqori bosimli magistral ichimlik tarmog‘i 1969 yilda qurilgan bo‘lib, bugungi kunda eskirganligi bois nosozliklar kelib chiqmoqda. 

Joriy yil mobaynida uch marotaba xuddi shunday nosozliklar kuzatildi. Ya’ni, 2019 yil may oyida “Nihol” restorani yaqinidagi do‘kon ostida diametri 500 mm. bo‘lgan yuqori bosimli ichimlik suvi tarmog‘ida yuzaga kelgan texnik nosozlik oqibatida minimarketning buzilishi va tarmoqni ta’mirlash ishlari olib borildi va ushbu hududdagi ko‘p qavatli uylar aholisiga uzatiladigan ichimlik suvi ikki kunga to‘xtatildi.

2018-2019 yillarda Samarqand shahrini kompleks ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish bo‘yicha davlat dasturlariga asosan 2018 yilda loyihaning birinchi bosqichi yakuni bo‘yicha 1,85 km. shahar ko‘chalaridagi ichki ichimlik suvi tarmoqlari almashtirilgan edi. 2019 yil yakunigacha loyihaning ikkinchi bosqichi, ya’ni shahardagi 11 ta ko‘chada 7,3 km. ichimlik suvi quvurlarini almashtirish ko‘zda tutilgan.

Hozirda shaharning Buyuk Ipak yo‘li ko‘chasi, Amir Temur va Ali Qushchi ko‘chalari oralig‘ida diametri 500 mm., uzunligi 1087 metr bo‘lgan ichimlik suvi tarmoqlarini almashtirish ishlari olib borilmoqda. Suv quvurlari shu oyning 15 sanasigacha foydalanishga topshirilishi mo‘ljallangan. Hozirgi kunda barcha joylarda ish jarayonlari qizg‘in davom etmoqda.