Android qurilmalar uchun Zarnews.uz mobil ilovasi. Yuklab olish x

Samarqand tumanidagi bog‘chalar o‘rganilayotgani yolg‘onmidi?

Bundan 20 kun avval saytimizda “Samarqand tumanidagi aksariyat davlat maktabgacha ta’lim tashkilotlari talab asosida faoliyat ko‘rsatmayapti” sarlavhasi bilan maqola e’lon qilingandi.

Bir kun o‘tmay viloyat maktabgacha ta’lim boshqarmasi maqolaga munosabat bildirdi.

Unda muammolarni bartaraf etish bo‘yicha aniq chora-tadbirlar belgilab olingani va shahar, tuman sektor rahbarlari bilan hamkorlikda amaliy ishlar olib borilayotgani bayon etilgandi. Natijalar haqida ma’lum qilinishi bildirilgan maqoladagi gaplar nomigagina aytilganga o‘xshaydi.

Negaki, yaqinda viloyat ishchi guruhi joylarda kuz-qish mavsumiga tayyorgarlik borasida o‘rganish o‘tkazib, bir qator kamchiliklarni aniqlagan. Taassufki, maktabgacha ta’lim tashkilotlarida hamon mavsumga tayyorgarlik borasida muammolar yetarli ekanligi kuzatilgan.

Xususan, Samarqand tumani Bo‘zi mahallasidagi 16-maktabgacha ta’lim tashkilotida rekonstruksiya ishlari davomida 1 ta binoning tom qismi yopilmagan. Ko‘mir va briket zaxirasi yo‘q, bir so‘z bilan aytganda, muassasa kuz-qish mavsumiga tayyor emas.

Bunday holat boshqa tumanlarda ham aniqlangan. Jumladan, Bulung‘ur tumanidagi 13-maktabgacha ta’lim tashkilotining 1 ta binosi tom va pol qismini ta’mirlash, eshik va romlarini almashtirish, bino tashqi fasadini pardozlash, qozonxona qurish ishlari yakunlanmagan. Ishchi guruh muassasa kuz-qish mavsumiga tayyor emasligiga guvoh bo‘lgan.

Bundan tashqari, Payariq tumanidagi 14-maktabgacha ta’lim tashkiloti ham kuz-qish mavsumiga mutlaqo tayyor bo‘lmagan. Binosi ta’mirtalab bog‘chada qo‘lbola isitish pechlaridan foydalanilyapti. Bu esa yong‘in xavfsizligi talablariga javob bermaydi.

Muammo va kamchiliklar Samarqand shahridagi MTTlarda ham aniqlangan.

Xususan, Samarqand shahridagi 4-, 1- hamda 80-maktabgacha ta’lim tashkilotlarining ba’zi deraza-romlari singan, yaroqsiz, 4-MTTning tom qismi ta’mirtalab ahvolda.

Demak, muammo munosabat bildirish bilangina hal etilmas ekanda?!

Yoqub MARQAYeV.