Android qurilmalar uchun Zarnews.uz mobil ilovasi. Yuklab olish x

Samarqand tumanining Qaynama mahallasida DXM filiali ish boshladi

Samarqand viloyatining 16 ta hududida faoliyat olib borayotgan Davlat xizmatlari markazlarida aholiga 130 dan ortiq xizmatlar ko‘rsatib kelinmoqda.

Tuman va shahar markazlaridan olis bo‘lgan mahallalarda istiqomat qiluvchi yurtdoshlarimizga keng imkoniyatlar yaratish maqsadida shu kungacha Qo‘shrabot tumanining Jombuloq hamda Nurobod tumanining Sahoba mahallalarida davlat xizmatlari markazi filiallari faoliyati yo‘lga qo‘yilgan edi.

Bugun Samarqand tumanidagi Qaynama mahallasida Davlat xizmatlari markazining yangi filiali ish boshladi.

- Ilgari ushbu hudud va unga tutash mahallalarda istiqomat qiluvchi aholi turli xizmatlardan foydalanish uchun tuman va viloyat markaziga kelib ketishgan. Bu esa aholining ortiqcha vaqt va mablag‘ sarflashiga sabab bo‘lardi, – deydi mahalla faoli Umida Shaymanova. - Davlat xizmatlari markazi filiali faoliyatining yo‘lga qo‘yilishi hudud aholisini yillar davomida qiynab kelgan muammolar yechimi yo‘lidagi muhim qadam bo‘ldi. Shu bugunning o‘zida mazkur filialda bitta yosh oila tantanali ravishda nikohdan o‘tkazildi. Mahallamizda istiqomat qilayotgan ikkita oila vakillarining farzandlariga tug‘ilganlik haqidagi guvohnomalar topshirildi.

Ushbu mahallada faoliyat boshlagan filialda 619 ta xonadon tezkor, qulay va sifatli davlat xizmatlarini olish imkoniyatiga ega bo‘ldi.

Eslatib o‘tamiz, hozirda Past Darg‘om tumanining Go‘zalkent qo‘rg‘oni, Kattaqo‘rg‘on shahrining Ingichka hamda Urgut tumanining Jartepa mahallalarida ham DXM filiallari faoliyat ko‘rsatmoqda. Kelgusida barcha tuman va shahar markazlaridan olis mahallalarda xuddi shunday maskanlarni ochish rejalashtirilmoqda.