Android qurilmalar uchun Zarnews.uz mobil ilovasi. Yuklab olish x

Samarqand uyg‘oq shaharga aylanmoqda

Har ikki yilda o‘z yurtiga kelib, qarindosh-urug‘lar bilan diydorlashib, shaharni aylanib ketib, sog‘inchiga oz bo‘lsa-da, malham topadigan qarindoshlarimiz shunday kunlarning birida tungi Samarqandga sayrga chiqishdi.

O‘zim ham anchadan beri kechki o‘ndan keyin shaharda yurmagandim. Registon maydoniga qarab yo‘l oldik. To‘g‘risi, ko‘zlarimga ishonmadim, Islom Karimov ko‘chasi  xuddi kunduzi Siyob bozoridagi singari gavjum edi. Asosan yosh oilalar farzandlari bilan, yoshlar, yoshi keksalar. Ayniqsa, ko‘chada velosiped, skuter, pultli mashinalarni ijaraga haydash uchun berilishi yoshlarni bu maskanga jamlagan. Har doim Registon atrofiga kelganda his qilaman, bu atrofning o‘zgacha salqini, shabadasi bor. Bu ham odamlarni kechki payt Registon atrofida jamlanishi boisi bo‘lsa kerak. Ular orasida minoralarni tomosha qilayotgan xorijlik sayyohlar, Islom Karimov ko‘chasida sayr uchun qo‘shni viloyatdan kelgan mehmonlar, shunchaki, toza havodan bahramand bo‘lishni istayotgan ko‘plab samarqandliklarni uchratish mumkin.

Tabiiyki, mazkur hududning havosi o‘zgachaligiga shu atrofda bunyod etilgan xiyobon va unda parvarishlanayotgan yuzlab archa, kashtan kabi manzarali daraxtlar, juda katta maydonni egallagan yashil maysazor ham sababchi. Shaharning mana shu kabi bir necha hududlari, xususan, musiqali favvora o‘rnatilgan maskan, xiyobonlar kechki payt gavjum ekanligi Samarqand tungi payt ham ancha jonlanganini isbotlab turibdi.

Bu holat esa kishini quvontiradi. Yuqoridagi mehmonlarimiz ham bir gapni takrorlashdi: «Samarqand o‘zgaribdi, ilgari kechki to‘qqizdan keyin sokinlik hukm surardi. Farzandlarimiz bilan aylanishga chiqsak allaqanday xavotirga tushardik. Shahar shunchalik kimsasiz va bo‘m-bo‘sh bo‘lardi. Axir bu sayyohlar shahri bo‘lsa, unda odamlar ayniqsa yozning issiq kunlari sayr qilishi, Samarqandning tungi yoritkichlar yorug‘idagi chiroyidan bahramand bo‘lishi kerakku!»

Ko‘pchilik shahardagi tungi hayotni faqat diskotekalaru, tungi barlarning faoliyat ko‘rsatishi bilan bog‘laydi. Vaholanki, sayyohlik shahrining tungi hayoti kechki sayr, choyxonalar, hunarmandchilik markazlar faoliyati, folklor dastalarining chiqishlardan iborat kichik-kichik ko‘rinishlar bilan yanada ko‘rkli bo‘lishi mumkin.

Gap faqat sayyohlarda ham emas. Shahar aholisi asosan kunduzi aqliy yo jismoniy mehnat bilan mashg‘ul bo‘ladi. Qolaversa, yosh oilalar soni ko‘pchilikni tashkil etadi. Ular uchun o‘z vaqtida mazmunli hordiq juda muhim. Shuning uchun istirohat bog‘lari, ko‘ngilochar maskanlarni ko‘paytirish bugungi kunning talabidir. Zero, yaxshi hordiq unumli mehnat garovidir.

Samarqandda ham rivojlangan davlatlardagi sayyohlik hududlari singari tungi hayotning paydo bo‘layotgani quvonarli, ammo uni rang-baranglashtirish ishlariga e’tibor lozim.

G.Mo‘minova.