Android qurilmalar uchun Zarnews.uz mobil ilovasi. Yuklab olish x

Samarqand veterinariya meditsinasi instituti Konkuk universiteti bilan hamkorlik qiladi

Samarqand veterinariya meditsinasi institutida Janubiy Koreyaning Konkuk universiteti prezidenti Min Sangi boshchiligidagi delegatsiya a’zolari bilan uchrashuv o‘tkazildi.

Institut rektori X.Yunusov mehmonlarga o‘tgan yil tashkil etilgan mazkur o‘quv yurtining maqsad va vazifalari, bu yerdagi ta’lim jarayonlari haqida ma’lumot berdi. Veterinariya va chorvachilik sohasi uchun zamonaviy bilimlarga ega oliy ma’lumotli mutaxassis kadrlar tayyorlash borasida olib borilayotgan ishlar haqida so‘z yuritildi.

Koreyalik mehmonlar institut ta’lim yo‘nalishlarining bugungi kun uchun dolzarb ahamiyatga ega ekanligini qayd etdi. Bu borada hamkorlikda ishlash, professor-o‘qituvchilar va talabalar almashinuvini yo‘lga qo‘yish, masofaviy ta’lim imkoniyatlari, zamonaviy pedagogik texnologiyalardan foydalanish yuzasidan fikr almashildi. Atroflicha tanishuv va muhokamalardan so‘ng ikki oliy o‘quv yurti o‘rtasida hamkorlik memorandumi imzolandi.

– Bu hamkorlik ikki tomon uchun ham manfaatli bo‘lib, muassasalarimizning istiqboldagi rejalarini amalga oshirish, birgalikda o‘quv dasturlari tayyorlash va ularni takomillashtirish, ilmiy hujjatlar va adabiyotlarni almashishga xizmat qiladi, – deydi Konkuk universiteti prezidenti Min Sangi. – Bu aloqalarni qo‘shma konferensiya, seminar va  simpoziumlar uyushtirish, ilmiy tadqiqotlar olib borish bilan yanada mustahkamlaymiz.

Koreyalik mehmonlar tashrif davomida Samarqand shahrining diqqatga sazovor joylarini tomosha qildi.